Mart oyida Fransiyaning “Montagne et Neige Développement” (MND) kompaniyasi Chimyondagi umummavsumiy dam olish maskanini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi doirasida loyiha ofisi hamda Fransiya kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha doirasida dam oluvchilarni 2,5 ming metr balandlikka ko‘tariladigan gondol tipidagi 10 kishilik oraliq osma yo‘li (maksimal quvvati — 2000 kishi/soat) va 3,3 ming metr balandlikka chiqadigan mayatnik tipidagi 80 kishilik asosiy osma yo‘li (maksimal sig‘imi — 800 kishi/soat) quriladi.

Kurort bunday inshootlarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi eng baland nuqtaga aylanishi ta’kidlangan.

Shuningdek, unda XXL Zip line, Alpine coaster, Adventure tower, Tubing, Via ferrata kabi 20 dan ortiq turdagi qishki va yozgi attraksionlar tashkil etiladi.

Umumiy uzunligi 20 km dan ortiq bo‘lgan turli darajadagi 11 ta chang‘i uchish joylari, 6000 nafar turistga mo‘ljallangan mehmonxona majmualari va kottejlar quriladi.

Loyiha natijasida yiliga 3,1 mln kishiga xizmat qiladigan xalqaro umummavsumiy kurort tashkil etiladi hamda 451 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

“Beldersoy-Chimyon-Nanay” kurorti. Oromgohni qurish bo‘yicha kelishuv Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil oktabr oyida Fransiyaga tashrifi chog‘ida imzolangan, 2021-yilning may oyida esa uni moliyalashtirish kelishib olingan edi.

Loyiha qiymati $269 mln.ni tashkil etadi — bu Fransiya g‘aznasi mablag‘lari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy sarmoyalarni o‘z ichiga oladi.

Majmua uch bosqichda quriladi va uning umumiy qiymati qariyb $500 mln.ni tashkil etadi.

Montagne et Neige Développement tog’larda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sanoat guruhi bo‘lib, shtab-kvartirasi Fransiya janubidagi Sent-Hélène-du-Lac shahrida joylashgan. Guruh 2004-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya 49 mamlakatda 1,5 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etdi.