Avvalroq tadbirkorlarning bank hisobvarag‘idagi mablag‘lar daxlsizligi bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilingandi.

Unga ko‘ra, bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yishda ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6 mln 600 ming so‘mdan 13 mln 200 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:

  • BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;
  • 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
  • 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
  • 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

O‘sha harakatlar ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Shuningdek, juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.


Avvalroq “Spot” prezident farmoni bilan tadbirkorlar ma’lum mezonlar asosida toifalarga ajratilishi haqida yozgandi.