O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi va Xitoyning O‘zbekistondagi tadbirkorlari uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. bu haqda birjaning matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi Boshqaruvi raisi Ziyoviddin Badriddinovning ta’kidlashicha, hujjat birja savdo mexanizmlarini qo‘llash orqali ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha foydalanilmagan salohiyatni ishga solish va yangi imkoniyatlarni ochib berishga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi bilan o‘rnatilgan hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishida yangi sahifani ochish imkonini beradi”, — dedi Xitoyning O‘zbekistondagi tadbirkorlari uyushmasi raisi janob Suy Xaybo.
Uchrashuvda tomonlar Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi sertifikatlar bilan o‘zaro almashuv amalga oshirdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda birjaning xorijiy savdo maydonchalari Xitoyning Kuytun, Urumchi va Sindao shaharlarida ochilgan. Joriy yilning boshidan buyon birjada Xitoy kompaniyalari ishtirokida $17 mln.dan ortiq bitimlar tuzilgan.
2019-yilning yanvar oyida Shanxayda O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasining savdo maydonchasi ochilgandi. 2022-yilning avgust oyida Bishkekda O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining tashqi savdo maydonchasi ochildi.