Markaziy bank joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha “Aholining iste’mol kayfiyati sharhi"ni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, o‘tgan davrda iste’mol kayfiyati indeksi 2022-yilning to‘rtinchi choragiga nisbatan 2,3 bandga kamayib, 23,8 bandni tashkil etgan.

Bunga esa xarajatlarning maqbullashtirilishi, kreditga bo‘lgan ehtiyojning biroz kamayishi hamda aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligi oshishi sabab bo‘lgan.


Xarajatlar

Kelgusidagi xarajatlarini maqbulllashtirishni kutayotganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

Birinchi chorakda xarajat subindeksi avvalgi chorakka nisbatan 1,6 bandga qisqarib, 12,3 bandni tashkil qildi.

Bu davrda iste’mol talabining biroz pasayishi mavsumiylik xususiyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, bu holat aholining iste’mol kayfiyati indeksida, xususan, xarajatlarning biroz optimallashtirilganligida ham namoyon bo‘lmoqda.

indeks, index, iste'mol xarajatlari

O‘tgan chorakda ko‘pchilik respondentlar ta’lim, uy-joy ta’miri, davolanish, avtomobil va maishiy texnika xaridiga ko‘proq mablag‘ sarflaganlarini ta’kidlagan.

Shuningdek, keyingi oylarda uy-joy ta’miri va xaridi uchun, ta’lim, avtomobil, davolanish va boshqa qo‘shimcha xaridlarni amalga oshirish istagida bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etgan.

Shu sabab, mazkur tovar va xizmatlarga talabning yuqori darajada saqlanib qolinishi kutilmoqda.

Kreditlar

Kredit olishga talabgorlar ulushi biroz kamaymoqda. Joriy chorakda respondentlar fikriga ko‘ra, kreditga bo‘lgan talabning biroz qisqarishi kuzatilib, kredit subindeksi 8 bandga teng bo‘ldi.

Respondentlardan faqatgina 7−10 mln so‘mgacha daromadga ega bo‘lganlar kelgusi oylarda kredit olishni ko‘proq rejalashtirayotganini ta’kidlagan bo‘lsa, qolgan barcha daromad guruhida kreditga bo‘lgan yalpi talab kamayib borishi kutilmoqda.

Shuningdek, 3−5 mln so‘m atrofidagi daromadlilar orasida kreditga bo‘lgan talab o‘zgarmas darajada saqlanib qolgan.

indeks, index, iste'mol xarajatlari

Joriy yilning birinchi yarmida kreditga bo‘lgan talabning avvalgi choraklarga nisbatan biroz yumshashi bo‘yicha kutilmalar shakllanmoqda. Qatnashuvchilarning 64%i kelgusi oylarda kredit olishga ehtiyojlari borligini bildirishgan.

O‘z navbatida, birinchi chorakda iste’mol kreditlariga bo‘lgan aholining yuqori talabi saqlanib qolgan.

Shuningdek, ayrim respondentlar keyingi oylarda kreditga bo‘lgan ehtiyojini ularning xarajatlari oshishi bilan bog‘liq ekanligini bildirgan.

Daromadlar

Birinchi chorakda kelgusi daromadlari ko‘payishini kutayotganlar ulushi avvalgi chorak natijalari kabi ko‘pchilikni tashkil etdi va ularning ulushi 68%ga teng bo‘ldi.

Xususan, kelgusida daromadi oshishini kutayotgan respondentlarning aksariyati 7−10 mln so‘mgacha oylik daromadga ega bo‘lgan guruhga to‘g‘ri kelmoqda.

Daromadi nisbatan pastroq (2−3 mln so‘mgacha) bo‘lgan aholining kelgusida daromadi ortishi bo‘yicha kutilmalari qolgan daromad guruhlariga nisbatan pastroq shakllandi.

Sohalar bo‘yicha maishiy xizmat, qurilish, fan-ta'lim, tibbiyot, AT va OAV hamda savdo sohalari vakillarining daromadlari bo‘yicha ijobiy kutilmalari o‘tgan chorakka nisbatan yanada ijobiylashdi.

indeks, index, iste'mol xarajatlari

Biroq ishlab chiqarish, kafe-restoran va turizm sohasidagilarning kelgusidagi daromadlari bo‘yicha kutilmalari nisbatan pasaygan.

Jamg‘armalar

Joriy yilning birinchi choragida jamg‘arish subindeksi o‘tgan chorakka nisbatan 0,6 bandga oshib, 7,3 bandga teng bo‘ldi.

Kelgusida jamg‘armalari ko‘payishi bo‘yicha ijobiy kutilmalarga ega respondentlarning ulushi 52%ni tashkil etdi.

Ayni vaqtda banklar tomonidan mijozlarga taklif etilayotgan depozit foiz stavkalarining qulay va jozibadorligi, milliy valyuta kursining barqarorligi respondentlarning jamg‘arishga moyilligining ortib borishiga hamda jamg‘arish kayfiyatining ijobiy shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Yana bir muhim jihatlardan biri, respondentlarning jamg‘armalari yetarlilik darajasi bo‘yicha ham ijobiy signallar shakllanmoqda.

indeks, index, iste'mol xarajatlari

Xususan, o‘tgan chorakda jamg‘armalari 1 oygacha muddatga yetarliligini ma’lum qilganlar ulushi ko‘proqni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida kelgusida jamg‘armalari 1−3 oygacha va undan uzoqroqqa yetishini bildirganlar soni oshib bormoqda.

Shuningdek, jamg‘armalari mavjud emasligini ta’kidlaganlar ulushi ham kamayib, birinchi chorakda 35%ni tashkil etdi.

Iqtisodiyot bo‘yicha kutilmalar

Mamlakat iqtisodiyotining kelgusi 12 oy istiqbollari bo‘yicha ijobiy kutilmaga ega javoblar ulushi avvalgi chorakka nisbatan 5 f.b.ga oshgan bo‘lsa (58%), yomonlashishini kutganlar ulushi 6 f.b.ga qisqardi.

Uzoq muddatli iqtisodiyot bo‘yicha kutilmalar qisqa muddatga nisbatan optimistik xarakterga ega bo‘lib, yaqin 3 yillikdagi istiqbollari bo‘yicha kutilmalari avvalgi chorakka nisbatan 0,6% bandga ko‘payib, 72%ni tashkil etdi.

Avvalroq Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari yil boshiga nisbatan pasaygani ma’lum qilingandi.