Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda energiya ta’minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
“Spot” unda ilgari surilgan muhim vazifalar va topshiriqlarni bir joyga jamladi.
9 ta tuman va shahar hokimlariga hayfsan beriladi
Energetika vazirligi va “O‘zbekneftgaz"ga joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, gaz ishlab chiqarish va zaxiralarni shakllantirish bo‘yicha rejalashtirilgan ko‘rsatkichlarga erishish topshirildi.
Tadbirkorlar, aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarda kichik quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishda joylardagi mutasaddilar tomonidan oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi.
Jumladan, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ijtimoiy soha va davlat idoralarida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha Samarqand, Jizzax, Buxoro viloyatlari yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy viloyatlari ancha orqada.
Tumanlar kesimida Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Nukus, Beruniy, Bekobod, Parkent, Piskent, Qiziltepa, Guliston, Sirdaryo, Arnasoy, Bag‘dod, Furqat, Termiz, Oltinko‘lda ishlar ahvoli qoniqarli emas.
Tadbirkorlar bilan ishlash ahvoli ham birorta hududda talab darajasida emasligi ta’kidlandi. Ular tomonidan 790 megavatt quvvat yaratish reja qilingan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar bor-yo‘g‘i 50 megavattli quvvatlar ishga tushgan.
Tumanlar kesimida Sayxunobod, Kogon, Jondor, Mirzaobod, Sharof Rashidov, Paxtakor, Yangiariq tumanlari, Yangiyer, Urganch shaharlari hokimlari masalaning ichiga kirmagan. Ushbu tuman va shahar hokimlariga hayfsan berilishi, ikki oyda o‘zgarish qilmasa, ishdan ketishi belgilandi.
Ayrim hokimlar oson yo‘lni tanlab, qo‘yilgan vazifani tayyor budjet mablag‘lari hisobidan bajarishga o‘rganib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.
Quyoshli xonadon dasturi qamrovi oshiriladi
Aholi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 1 kilovatti uchun 1000 so‘mdan to‘lanishi e’lon qilingandi. Ular “Quyoshli xonadon” tizimiga ulanib, tegishli to‘lovlarni olishlari mumkin.
Mazkur dastur qamrovini oshirish va keng joriy qilish uchun Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan savdo va servis korxonalariga quyosh panellari uchun kredit to‘lovlarining 4%i qoplab beriladi.
Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlaridan $100 mln jalb qilinib, so‘mda, maqbul shartlarda aholi va kichik tadbirkorlar uchun “yashil” kredit mahsulotlari yaratiladi.
Aholiga ajratilgan kredit foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi.
Yashil energiya sertifikatlari tizimi joriy qilinadi
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga aholi va tadbirkorlarga berilgan “yashil” kreditlar foizlarining bir qismini qoplash tizimini joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy qilinadi. 1-iyuldan boshlab gidroelektr stansiyalariga “yashil” sertifikat beriladi.
Ushbu tizim 1-oktabrdan boshlab barcha qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun joriy qilinadi.
Avgustga qadar joriy yilgi tarmoq va transformatorlarni ta’mirlash ishlari yakunlanadi
Past kuchlanishli 30 ming kilometr elektr tarmog‘i va 10 mingta transformatorni mukammal ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish topshirildi.
Bu borada mart oyida Toshkent shahrida elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, bunga 4,2 trln so‘m ajratildi.
Unga muvofiq 900 kilometr elektr tarmoqlari, 230 ta transformatorni yangilash va rekonstruksiya qilish, 5 ta yangi podstansiya qurish reja qilingan.
Viloyatlar hokimlariga elektr uskunalari va materiallari zaxirasi uchun ehtiyojlarni hisob-kitob qilib, har bir viloyatda 10 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratish topshirildi.
1-avgustga qadar 2023-yil uchun reja qilingan tarmoq va transformatorlarni ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun viloyat, shahar va tumanlarda 400 ga yaqin brigada tashkil qilinadi.
Shuningdek, mutasaddilarga issiqlik energiya stansiyalariga bugungi kunga nisbatan 6 mln kub metrga ko‘p gaz yetkazib berishni ta’minlash, 1-iyulga qadar 200 ming tonna mazut zaxirasini yaratish topshirildi.
Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazoratini kuchaytirish, elektr energiyasi va gazning noqonuniy iste’moliga barham berish bo‘yicha ham vazifalar belgilab berildi.
Ko‘mir qazib chiqarish hajmi 6,5 mln tonnaga oshiriladi
Davlat rahbari hududlarda energiyani tejash masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Misol uchun, Qarshi tumanidagi tadbirkor 10 gektar issiqxonani ko‘mirda isitish loyihasini boshlagan.
Loyiha doirasida ko‘mirni sintez qilish orqali yiliga 2,8 mln kub metr gaz iqtisod qilinib, 8 mln kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Qolgan viloyatlarda ham shunday loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dasturlar qabul qilish zarurligi ta’kidlandi.
Ko‘mirga talab shu yilning o‘zida 1,5 baravarga oshishi kutilayotganini hisobga olib, joriy yilda ko‘mir qazib chiqarishni 5,3 mln tonnadan 6,5 mln tonnaga olib chiqish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun “Angren” ko‘mir koniga $80 mln kredit ajratiladi, “Sharg‘un ko‘mir"ning birinchi liniyasi ishga tushiriladi hamda 14 ta ko‘mir koniga tadbirkorlar jalb qilinadi.
Joriy yilda hududlarda 900 ta elektromobillarni quvvatlash qurilmalari o‘rnatiladi
O‘zbekistonga benzin va dizel yoqilg‘isini olib kelishga barcha cheklovlar olib tashlangan. Mutasaddilar oldiga hozirdan benzin va dizel zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Yoqilg‘i olib keluvchi tadbirkorlarga aylanma mablag‘ uchun kreditlar ajratilishi belgilandi.
Yaratilgan sharoitlar tufayli mamlakatga shu yilning o‘zida 5 mingta elektromobillar olib kelingani, ular uchun hududlarda yetarli infratuzilma yaratish lozimligi ta’kidlandi.
Bu borada kelgusi uch yilda 3,5 mingta quvvatlash qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, imtiyozlar berilgan.
Viloyat hokimlariga joriy yilning o‘zida 900 ta quvvatlash qurilmalari o‘rnatilishini ta’minlash topshirildi.
Umuman, tarmoq mutasaddilari oldiga energetika sohasida ish sifatini ta’minlash, tartib va intizomni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq “Spot” quyosh panellarini muddatli to‘lovga qanday olish mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.