“Express24” O‘zbekistondagi birinchi “Dark Kitchen” loyihasini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

“Dark Kitchen” — bu oshxona formati bo‘lib, unda mijozlar qabul qilinmaydi, aksincha, buyurtmalar yetkazib berish uchun tayyorlanadi.

Mazkur loyiha orqali Toshkentdagi hamkor restoran va kafelar faqat yetkazib berish uchun taomlarni tayyorlashlari va ularni kuryerlarga tezlik bilan topshirishlari mumkin.

Maydon Toshkent shahri markazida, “Zarafshon” savdo markazi binosida joylashgan. Hududning radiusi buyurtmalarning eng ko‘p sonini tashkil qiladi, shuning uchun mazkur joy tanlangani qayd etilmoqda.

“Dark Kitchen"ning umumiy maydoni 340 kv.metr bo‘lib, 8 ta alohida oshxona uchun mo‘ljallangan xonalar mavjud. Binolar to‘liq ta’mirlanib, zarur infratuzilma (elektr, suv, kanalizatsiya) bilan jihozlangan.

“Loyiha korxonalarni tayyor binolar bilan ta’minlash orqali ularga xarajatlarni kamaytirish hamda yetkazib berish hajmini kengaytirish imkonini beradi”, — deydi Akmal Payziyev.

Bu yerda “Moskovskaya pitsa” mazkur formatda ish boshlagan birinchi muassasalardan biri bo‘ldi va aprel oyi o‘rtalarida faoliyatini boshladi.

Oy oxiriga qadar “Osh Markazi”, “Testo” hamda “Shef Burger” ham loyihaga qo‘shilishi ta’kidlanmoqda.


Avvalroq “Jowi” restoran tizimi “Yandex Eats” bilan integratsiya qilingani haqida xabar berilgandi.