Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida Gretsiyaning yirik ish beruvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston24” telekanali xabar berdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston uchun yangi mehnat bozori hisoblangan ushbu davlat bilan migratsiya sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, qurilish sanoati Gretsiya iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri va bu sohada mutaxassislarga ham talab yuqori hisoblanadi.

Gretsiyadagi yirik qurilish kompaniyalari vakillari ishtirokidagi muzokaralar chog‘ida tomonlar mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot almashdi.

Uchrashuvda mehmonlarga O‘zbekistonda yaratilgan mehnat migratsiyasining xavfsiz, tartibli va qonuniy tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.

“Biz Gretsiyada koʻchmas mulk quramiz va boshqaramiz. Mamlakat iqtisodiy inqirozdan chiqqan boʻlsada, qurilish sohasi hozir kuchli rivojlanmoqda. Ishchi kuchiga esa talab katta. Gretsiyada allaqachon mutaxassislar uchun ish vizalarini beradigan qonun imzolangan”, — deydi “DKG Development” kompaniyasi vakili Konstantinos Paraskevopulos.


Avvalroq “Spot” o‘zbekistonliklar Belarus kompaniyasiga ishga jalb qilinishi haqida yozgandi. Mamlakatning “Bellegprom” konserni tikuvchilik, terini qayta ishlash va yengil sanoat sohalarida ishchi kuchiga talab yuqori ekanligini ta’kidlamoqda