Rossiyaning “Divan.ru” mebel ishlab chiqaruvchi kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalari sabab Rossiya mebellari eksportining keskin qisqarishi fonida ishlab chiqaruvchilar Osiyo va Yaqin Sharqda o‘z do‘konlarini ochishni rejalashtirmoqda.

Bu mamlakatlar qatorida O‘zbekistondan tashqari Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya va BAA mavjud.

Ekspertlar mazkur bozorlarni rivojlantirish sarmoya va vaqt talab qilishini hamda assortiment mahalliy iste’molchilarning xohishiga qarab moslashtirilishi kerakligini ta’kidlashmoqda.

Shuningdek, nashrning ma’lum qilishicha, Rossiyaning “Angstrem” mebel xoldingi ham bahor oxirigacha Mo‘g‘ulistonda birinchi do‘kon ochishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari mazkur kompaniya rejasida Ozarbayjon bozoriga ham kirish bor.

Divan.ru” kompaniyasi 2021-yilda xorijda kengayish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni boshladi.

Qozog‘istonda kompaniya vakillari potensial franchayzing bilan muzokaralar olib borishdi. Ammo ular muvaffaqiyatsizlikka uchragach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi bozorga kirishga qaror qilindi.

2022-yildan buyon kompaniya Qozog‘istonda Mebel.kz internet-do‘koni va 6 ta ko‘rgazma zalini ishga tushirdi.

Uning daromadi taxminan $500 mingni tashkil etdi — kompaniya hali rentabellikka erishmagan, ammo o‘zini o‘zi ta’minlash darajasiga yetgan.

2022-yilning oktabrida kompaniya rahbari Anton Makarov O‘zbekistonda bog‘ mebellari ishlab chiqarish sexini ishga tushirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni tanlashga Qozog‘istonga nisbatan ishlab chiqarish kadrlarining ko‘proq mavjudligi ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, kompaniya rahbari o‘z daromadini $142,7 mln.ga oshirish niyatida ekanini ma’lum qildi.


Avvalroq Rossiyaning “Rusal” kompaniyasi O‘zbekistonda avtodisklar ishlab chiqaruvchi zavod qurishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.