Ilon Mask “Twitter” bosh direktori lavozimini tark etadi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

“Men “Twitter"ga yangi bosh direktorni yollaganimni e’lon qilishdan mamnunman. Taxminan olti haftadan keyin u ish boshlaydi”, dedi Mask “Twitter"dagi sahifasida.

Ilon Mask bosh direktor lavozimidan ketgach “Twitter"ning ijrochi raisi va texnik direktori lavozimini egallashi haqida aytgan.

Maskning lavozimini tark etish sababi va yangi bosh direktorning ismi aytilmagan.

O‘tgan yilning dekabrida “Twitter” bosh direktori Ilon Mask kompaniya uchun yangi bosh direktor qidirayotgani haqida ma’lum qildi.

Oktabr oyida kompaniyani $44 mlrd.ga sotib olgan Mask avvalgi bosh direktor Parag Agravalni ishdan bo‘shatganidan so‘ng, uning bosh direktori lavozimi vaqtinchalik bo‘lishini aytgan edi.

Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan sudda u “Twitterdagi vaqtimni qisqartirishni va oxir-oqibat kompaniyani boshqaradigan boshqa odamni topishni intiqlik bilan kutyapman”, degandi.

“Bu ishni bajaradigan ahmoq odamni topsam, men bosh direktor lavozimini tark etaman, shundan so‘ng men dasturiy ta’minot va serverlar guruhlarini boshqaraman”, deb yozgandi Mask “Twitter"dagi sahifasida.

19-dekabr kuni milliarder “Twitter” foydalanuvchilaridan bosh direktor lavozimidan ketish yoki ketmaslik bo‘yicha norasmiy so‘rovnoma o‘tkazdi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, 17 mln (57,5%) respondent Maskning iste’foga chiqishi uchun ovoz bergan.

20-dekabr kuni kechqurun u so‘rov natijalarini qo‘llab-quvvatlashini va “Twitter"da o‘z lavozimini tark etish rejalarini tasdiqladi.

“Insider” nashri xabariga ko‘ra, tadbirkor “Tesla” kompaniyasining eng yirik aksiyadorlari Maskning “Twitter"ga e’tiborini qaratgani va mohiyatan “Tesla"dan voz kechganidan norozilik bildira boshlagani sababli bosh direktor lavozimini tark etishga qaror qilgan.

Oktabr oyi oxirida Mask “Twitter"ni sotib olgan taqdirda xodimlarni deyarli 75%ga qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgandi.

Keyinchalik “Twitter” egasi kompaniyaning barcha xodimlariga masofadan ishlashni bekor qildi.