Qirg‘izistonda O‘zbekiston bilan qo‘shma avtomobil zavodi qurilishi boshlandi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur zavod qurilishi bo‘yicha kapsula qo‘yishda ishtirok etgan mamlakat Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov “bu har ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega loyiha” ekanligini qayd etdi.
Zavod Chuy viloyati, Oq-suv qishlog‘ida joylashgan. Uning ishlab chiqarish quvvati dastlabki bosqichda yiliga 10 ming dona avtomobilni tashkil etadi.
Loyiha doirasida 1000 dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratilishi ta’kidlangan xabarda.
Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga rasmiy tashrifi davomida mazkur zavodni qurish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.
Mart oyida ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuv Qirg‘iziston Joqarg‘i Keneshining tegishli qo‘mitasiga taqdim etilgandi.
Aprel oyi oxiriga kelib, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 27-yanvar kuni imzolangan Qirg‘iziston Respublikasida avtomobil va tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida"gi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi.
Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalarining yozishicha, kompaniya “Chevrolet”, “Daewoo” va “Isuzu” rusumli 19 turdagi avtomobillarni yig‘ishni rejalashtirgan.
Shuningdek, mazkur loyiha quyidagi uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan:
- 1-bosqich — 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 10 mingtagacha avtomobil SKD (yirik qismli) usulida yig‘iladi;
- 2-bosqich — 20 ming dona avtomobil ishlab chiqarilganidan so‘ng, 4−5 yil davomida 1000 ta yangi ish o‘rni yaratilib, avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqariladi;
- 3-bosqich — oltinchi yildan boshlab, CKD (mayda qismli) usulda yig‘ish tashkil etiladi, 2000 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 30 ming dona avtomobil ishlab chiqariladi.
Kelishuvga ko‘ra, avtomobil zavodi iyul oyida ishga tushishi belgilangan. Birinchi bosqichda korxona yirik va o‘rta o‘lchamdagi mashinalarni yig‘ish bilan shug‘ullanadi.