Prezidentning professional ta’lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish to‘g‘risidagi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu hujjat professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning lavozim maoshlari o‘rtacha 20%ga oshirishga, tashabbuskor hamda yuqori natijalarga erishgan pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga har oylik 50%gacha ustama to‘lash tizimi joriy etilishiga xizmat qiladi.
Avvalroq professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirilishi haqida ma’lum qilingandi.
Shuningdek, professional ta’lim muassasasi quyidagilarning bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi:
- birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan;
- malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli;
- oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalari.
Avvalroq “Spot” pedagogika yoʻnalishida 10 ta OTM tashkil etilishi haqida yozgandi.
Prezident qaroriga ko‘ra, ️har yili pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM ixtisoslik kafedralarining kamida 5% professor-oʻqituvchilarini xorijga tanlov asosida malaka oshirish va stajirovkaga yuborish choralari koʻriladi.