Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.

“Spot” yangi sahifani taqdim etmoqda. Unda dunyoning eng mashhur brendlari qanday paydo bo‘lgani, shakllanish tarixi va qiyinchiliklar hamda bugungi kundagi daromadi haqida ma’lumotlar berib boramiz.

Birinchi materialda o‘zining noodatiy shippaklari bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan “Crocs” brendiga oid ma’lumotlarni taqdim etamiz.


Brendning yaratilishi

Karib dengizida kechgan sayohatda Skott Simans o‘z do‘stlariga suv o‘tkazmaydigan rezinali shippaklar bilan maqtanadi: ular sirpanib ketmaydi va kemada iz qoldirmaydi.

Simansning do‘stlari Lindon Xanson va kichik Jorj Boedekerga shippaklar yoqib qoladi. Shunday qilib, ular birgalikda rezinali shippak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaror qilishadi, biroq Simansda bu istak allaqachon mavjud edi.

Ularning hammasi tadbirkorlik bilan shug‘ullanar, masalan, Boedeker “Oregon Food Concepts” kompaniyasiga tegishli G‘arbiy Qo‘shma Shtatlardagi “Quizno‘s” tez ovqatlanish tarmog‘ining eng yirik franchayzeri edi.

Hanson esa kompyuter texnikasi, dasturiy ta’minoti va moliyaviy xizmatlarni sotish va boshqarish sohasida ishlagan. Simans o‘n yildan ortiq vaqt davomida fotografiya uskunalarini ishlab chiqarishga qaratilgan kompaniyasini boshqargan.

1999-yilda do‘stlar “Western Brands” kompaniyasiga asos solishadi. “Crocs” yaratuvchilari yiliga 25−30 ming juft shippak sotishlari va biznes “yaxshi hobbi"ga aylanishiga ishonishgandi. Shu bilan, hamkorlar shippaklarning orqa tarafiga tasma qo‘shib o‘zgartirishdi.

biznes tarixi, crocs

Foto: “secretmag.ru” nashri

2002-yilda ular “Crocs” savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishdi. “Beach” deb nomlangan “kroks"ning birinchi modeli timsohning yuziga o‘xshardi, nom ham aslida shundan kelib chiqqandi.

O‘sha yilning iyul oyida kichik Boedeker sakkiz kishidan iborat kompaniyaning bosh direktori bo‘ldi. Oyoq kiyimlarning 200 juft birinchi sinov partiyasi xalqaro ko‘rgazmada namoyish etildi.

$30 lik shippaklar

Poyafzallar sirpanib ketmaydigan, hidni o‘ziga singdirmaydigan hamda sirpanmaydigan yumshoq poyabzal sifatida e’lon qilingan. Kichik teshiklari va “kesilgan” tovoni bo‘lgan rezinali shippaklar bir necha soat ichida sotiladi.

$30 lik qulay shippak nafaqat yaxtachilarga, balki oshpazlar, tibbiyot xodimlari va bolalarga ham ma’qul keldi. “Kroks"lar ular uchun ideal poyabzal bo‘lib chiqdi — yengil va chidamli, sirpanmaydi va changdan bemalol tozalab olish mumkin.

Bu poyabzallarni dunyo mashhurlari ham kiyishgan. Ular orasida “Google” asoschisi Sergey Brin, AQShning sobiq 44-prezidenti Barak Obama rafiqasi Mishel Obama, aktyorlar Jek Nikolson va Helen Mirren kabilar bor.

2003-yilda kompaniya 76 ming juft “kroks” sotgan, biroq hammasi zararga ishlagan — o‘sha yili kompaniya zarari $1,2 mln.ni tashkil etadi.

2004-yilga kelib Ron Snayder “Western Brands” kompaniyasiga qo‘shildi. Shunday qilib, rezinali shippaklar savdosi o‘sa boshladi.

Shu yili kompaniya ular uchun poyafzal polimerini ishlab chiqaradigan “Foam Creations” kompaniyasini sotib oldi. Mazkur bitim $5,2 mln.ni tashkil etdi.

biznes tarixi, crocs

Foto: “Deseret News” nashri

Kroslit charm kabi an’anaviy materiallarga qaraganda arzonroq va bardoshli bo‘lib chiqdi. Bundan tashqari, polimer bilan ishlash minimal qo‘l mehnatini talab qiladi.

“Kroks” tayyorlash qiyin emasdi, shuning uchun “Western Brands” o‘zgaruvchan chakana sotuvchi va mijozlar talabiga tezda javob bera oldi.

Jahon bozoriga chiqish

2005-yilning boshida kompaniya o‘z nomini rasmiy ravishda “Western Brands"dan “Crocs"ga o‘zgartirdi, Snayder bosh direktor lavozimida ishini davom etdi.

O‘sha yili kompaniya Yevropa bozoriga chiqdi. Geografik kengayish ular faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

2005-yilda “Crocs” 6 mln juft poyabzal sotdi, bir yil avvalgi ko‘rsatkich esa 649 ming juftni tashkil etgandi. Va nihoyat kompaniya foydaga chiqdi: ularning foydasi $17 mln.ga yaqinlashdi.

2006-yilda kompaniya tarixida ikkita muhim voqea yuz berdi. Ulardan birinchisi — kompaniya fevral oyida o‘z IPO‘sini o‘tkazdi va $207 mln yig‘di.

Aksiyalarning qiymati har bir aksiya uchun $21 ni tashkil etdi. O‘sha vaqtda kapitallashuv $940 mln bo‘lgan.

Ikkinchi muhim voqea esa, loyiha hammuassisi kichik Jorj Boedeker direktorlar kengashidan ketdi.

Birjaga kirgunga qadar korxonada poyabzallarning 11 ta modeli ishlab chiqarildi, ishchilar soni esa 1130 taga yetdi.

Bu vaqtga kelib, “Crocs” poyafzallari AQShning 6500 dan ortiq do‘konida sotilgan.

Bundan tashqari, yana 40 ta mamlakatda 1500 ta savdo nuqtalariga (Avstriya va Germaniyadan Yaponiya va Singapurgacha) ega bo‘ldi.

biznes tarixi, crocs

Foto: “Well Rigged” nashri

Jibbitz bezaklari

Brend xabardorligini oshirish uchun “Crocs” o‘zining kiyim-kechak liniyasini ham yo‘lga qo‘yadi: korporativ logotipli futbolkalar, sviterlar, shlyapalar va paypoqlar ishlab chiqara boshlaydi. Bu hali hammasi emasdi — kompaniya quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklar sotuvini ham amalga oshiradi.

2005-yilning yozida amerikalik uy bekasi Sheri Shmeltser “jibitlar” — “kroks"ning teshiklariga kiritilgan zargarlik buyumlarini o‘ylab topadi.

Uning eri esa buni qo‘llab-quvvatladi: er-xotin sayt ishga tushirib, mahsulotini ishlab chiqara boshlaydi.

2006-yilning avgustiga kelib ular 6 mln.ta “jibitlar"ni $2,2 mln.ga sotishadi. Oradan to‘rt oy o‘tib esa “Crocs” “Jibbitz"ni $10 mln.ga sotib oldi.

2007-yilga kelib kompaniya yiliga 50 mln juft “kroks” sotadi. Moliyaviy natija esa $168,2 mln.ni tashkil etdi. O‘sha paytda “Crocs” kapitallashuvi $6 mlrd bo‘lgan.

“Crocs” taniqli dizaynerlik brendlari bilan hamkorlik qilish orqali zerikarli rezina shippak ishlab chiqaruvchisi imijidan uzoqlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Brend 2016-yili birinchi marta podiumda paydo bo‘ldi. Xususan, britaniyalik dizayner Kristofer Keyn kompaniya bilan birgalikda 2017-yilning bahor-yoz kolleksiyasi ko‘rgazmasida dekorativ toshlar bilan bezatilgan “marmar” shippaklarni taqdim etdi.

biznes tarixi, crocs

Foto: “Mirror” nashri. Kristofer Keyn tomonidan yaratilgan Crocs

Kompaniyaning buguni

Crocsni dunyoning 90 ta davlatida, xususan, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston va Germaniya kabi mamlakatlarda mavjud.

2018-yilda kompaniyaning sof foydasi $69 mlnni, bir yildan keyin esa $119 mlnni tashkil etdi.

2020-yili Covid-19 koronavirus pandemiyasining biznesga salbiy ta’siri tufayli kompaniya kapitallashuvi $785 mln.gacha tushib ketdi.

Biroq bu yilni brend $313 mln sof foyda bilan yakunladi. 2021-da kompaniya sof foydasi $726 mln.ni tasjkil etdi va 2020-yilga nisbatan 131,9%ga oshdi.

Ammo 2022-yilgi ko‘rsatkich bir yil oldingi natijaga nisbatan 25,5%ga kamayib, $540 mln.ni tashkil etgan.