Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash ishlarini yangi pog‘onaga olib chiqish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Unda 1-iyundan boshlab “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Dasturga 2023−2024 yillarda jami $1 mlrd ajratiladi.
Bu mablag‘lar hisobidan kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi.
Shuningdek, tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Dastur ishtirokchilariga alohida imtiyozlar
Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Xususan:
- kamida 20% kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi;
- kambag‘al oila a’zosi daromad solig‘idan ozod qilinadi;
- 5 mln so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.
Shuningdek, dasturda qatnashadigan tadbirkorlar soliq va bojxona ma’murchiligida quyidagicha yengilliklar oladi:
- ular faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;
- ularga QQS, ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi;
- QQS bo‘yicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi;
- barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi;
- bojxona to‘lovlarini sug‘urta kafolatisiz olti oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Avvalroq salohiyatli tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, yangi ish o‘rni yaratishga rag‘batlantirish masalasi ko‘rib chiqilgandi.
Buning uchun ular bilan malakali ishchi tayyorlash bo‘yicha shartnoma tuzilib, korxonalarda ko‘plab “amaliy monomarkaz"lar tashkil qilinishi belgilangandi.
Davlat bunga zarur mablag‘lar ajratish bilan birga, infratuzilma, kredit, soliq va boshqa masalalar bo‘yicha yengilliklar beradi.