Avvalroq “Quyoshli xonadon” dasturi qamrovini oshirish va keng joriy qilish bo‘yicha davlat rahbari topshiriqlar bergandi.
Xususan, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan savdo va servis korxonalariga quyosh panellari uchun kredit to‘lovlarining 4%i qoplab berilishi belgilangan.
Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlaridan $100 mln jalb qilinib, so‘mda, maqbul shartlarda aholi va kichik tadbirkorlar uchun “yashil” kredit mahsulotlari yaratiladi.
Aholiga ajratilgan kredit foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga aholi va tadbirkorlarga berilgan “yashil” kreditlar foizlarining bir qismini qoplash tizimini joriy qilish topshirildi.
“Yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy qilinib, gidroelektr stansiyalariga “yashil” sertifikat berilishi belgilangan. Xususan, bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, elektrning qayta tiklanuvchi manbalari asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikati tizimi quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:
- 1-iyuldan — “O‘zbekgidroenergo"dagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun;
- 1-oktabrdan — quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun.
Bitta “yashil energiya” sertifikati 1000 kVt*soat elektr ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi.
“Yashil energiya” sertifikatlari tizimini yuritish Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlari foyda solig‘idan ozod etiladi.
Avvalroq “Spot” aprel oyidan buyon “Quyoshli xonadon” dasturidan 500 ga yaqin xonadon foydalangani haqida xabar bergandi.