Avvalroq, 1-apreldan hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishi belgilangandi.
Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Hukumat farmoyishiga ko‘ra, mazkur dastur asosida mamlakat hududlarida 36,6 mingta aholi xonadonlarida umumiy kuvvati 182,1 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatiladi.
Dastur doirasida quyosh panellarini o‘rnatish va undan foydalanishni tezlashtirish hamda ushbu ishlarni rag‘batlantirish maqsadida “Quyoshli mahalla” tanlovini o‘tkazish belgilangan.
Tanlovning bosh sovrindori BHMning 1 200 baravari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi elektromobil bilan taqdirlanadi.
Qish kunlari ham elektr energiyasidan uzilishlar bo‘lmaydi
Aprel oyidan bugungi kunga qadar mazkur imkoniyatdan 500 ga yaqin xonadon foydalangan. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” dasturida ma’lum qilindi.
Umuman, shu kungacha 18 943 ta xonadonda jami 43,7 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan.
Xususan, Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi Sherzod Mirzaahmedov ham xonadoniga 5 kVt.lik quyosh panellarini o‘rnatgan. Uning ta’kidlashicha, ajratilayotgan subsidiyalar orqali 2−3 yilda xarajatlarni qoplash mumkin.
“Mazkur quyosh panellari kunlik 30 kVt.gacha elektr energiyasini bermoqda. Iste’moldan ortiqcha bo‘lgan elektr energiyasini sotish mumkin. Shartnomaga muvofiq, hisob-kitob beriladi va keyingi oyning 25-sanasigacha Soliq.uz saytining „Quyoshli xonadon“ bo‘limi orqali keshbek tarzida jamg‘arib borish mumkin”, — deydi u.
“Fevral oyida xonadonimga 2 kVtli quyosh paneli o‘rnatdim hamda bir kunlik iste’molimni hisob-kitob qilganimda yarimidan ko‘pini qopladi”, — deydi Andijon viloyati, Qo‘rg‘on tepa tumanida yashovchi O‘ktamjon Hakimov.
U xonadoniga yana 2 kVtlik quyosh panellari o‘rnatgan hamda bir kunlik iste’molin to‘liq qoplashga yetmoqda.
“Qish kunlari menda elektr energiyasida uzilishlar bo‘lmadi. Qo‘shnilarim qiziqib takliflarini bildirdi hamda ko‘chamizdagi jami 30 ta xonadon quyosh panellarini o‘rnatdi”, — deydi u.
“Quyoshli xonadon” dasturi qamrovini oshirish va keng joriy qilish uchun Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan savdo va servis korxonalariga quyosh panellari uchun kredit to‘lovlarining 4%i qoplab berish belgilandi.
Shuningdek, “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy qilinib, 1-iyuldan gidroelektr stansiyalariga “yashil” sertifikat beriladi. Tizim 1-oktabrdan barcha qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun joriy qilinadi.
Ijtimoiy soha, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha MCHJ shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etildi.
Quyosh panellarini qanday xarid qilish mumkin
Avvalroq “Spot” quyosh panellarini muddatli to‘lovga qanday olish mumkinligi bo‘yicha videoqo‘llanmani taqdim etgandi.
Quyosh panelini xarid qilish uchun energymarket.uz marketpleysidan ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Saytda kerakli kategoriya orqali quyosh panellarini yoki quyosh suv isitish qurilmalarini tanlash mumkin.
“Ariza qoldirish” tugmasi orqali tanlangan qurilma uchun ariza berish mumkin. Buning uchun so‘ralgan barcha ma’lumotlarni to‘ldirish zarur.
Arizani to‘ldirish shaklida quyidagi ma’lumotlar so‘ralgan:
- arizachi haqidagi umumiy ma’lumot;
- o‘rnatish joyi haqida ma’lumot;
- elektr tarmog‘i ma’lumotlari;
- o‘rnatish joyining rasmlari.
Platformaning asosiy sahifasida kompensatsiya va muddatli to‘lovni hisoblash kalkulyatori mavjud.