Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ofis loyihani texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish va uning amaliy bajarilishini tezlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Pokiston elchisi A.Farukning ta’kidlashicha, ofisning o‘z vaqtida ochilishi muqobil raqobatbardosh yo‘nalishlarda Arab dengizi havzasi davlatlari bilan o‘zaro savdo qilish imkoniyatlarini ochadi.
“Loyihani amalga oshirishda Rossiya va Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyo mamlakatlariga millionlab tonna tabiiy resurslar va boshqa tovarlarni tashish imkoniyati paydo bo‘ladi”, — deydi Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi raisi B.Sharafat.
2021-yilning boshida “Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor” temir yo‘lining qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangandi. Afg‘oniston va O‘zbekistonni bog‘lovchi temiryo‘l loyihasi $4,8 mlrd, deya baholandi.
2022-yilning boshida mazkur temir yo‘l yo‘nalishi tasdiqlandi. Bundan oldin esa Oʻzbekiston shu yil bahorida Kobuldan Peshovarga temir yoʻl qurilishini boshlashni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.
Temir yo‘lni ishga tushirish 2027-yilda amalga oshirilishi ma’lum qilingan.