Rossiyaning “Utair” aviakompaniyasi O‘zbekiston shaharlariga yangi reyslarni yo‘lga qo‘yishga tayyorlanmoqda, deya xabar bermoqda “Interfaks-Turizm” nashri.
Qayd etilishicha, iyun oyi boshida aviatashuvchi har hafta Samaradan Buxoro va Farg‘onaga parvozlarni tashkil qiladi.
Bu Samaradagi Kurumoch aeroporti jadvalidan kelib chiqqan holda ushbu shaharlarga birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bo‘ladi.
Samara-Buxoro reyslari 3-iyundan boshlab shanba kunlari amalga oshiriladi. Bir tomonlama parvoz 2 soat 50 daqiqa davom etadi.
Samaradan uchish 12:44, Buxorodan — 17:55ga (har ikkala aeroport uchun ham mahalliy vaqt bilan) rejalashtirilgan.
“Utair” 7-iyundan boshlab har chorshanba kuni Samara-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilishni rejalashtirmoqda. Samaradan uchish 13:00 da, Fargo‘onadan 18:10 da rejalashtirilgan. Sayohat vaqti 3 soat 10 minutni tashkil qiladi.
“Utair” aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlar geografiyasini bosqichma-bosqich kengaytirmoqda.
Yanvar oyidan boshlab Rossiya kompaniyasi Samara-Samarqand qatnovlarini haftalik asosda amalga oshira boshladi.
Bundan tashqari, 22-yanvardan aviakompaniya Surgut va Farg‘ona o‘rtasida parvozlarni ham yo‘lga qo‘ydi.