Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston Ukrainadagi mojaro bilan bog‘liq geosiyosiy zarbalarga chidamliligini ko‘rsatdi. Bu haqda YeTTBning mintaqaviy iqtisodiy prognozi bo‘yicha sharhida keltirilgan.

O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘tgan yilda 5,7%ga o‘sdi va bankning o‘tgan bahordagi prognozlaridan oshib ketdi. Tashqi va ichki talab bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanishi faol tiklanishni saqlab qolish imkonini berdi.

Shunday qilib, eksport hajmi qariyb 16%ga oshdi. O‘zbekistondan mevalar, to‘qimachilik, mis quvurlari va elektronikani yetkazib berish ko‘rsatkichi eng ko‘p o‘sdi — birinchi navbatda, Rossiyaga (bu boshqa manbalarda ham qayd etilgan).

Pul o‘tkazmalari oqimi ikki baravar ko‘paydi, bu esa rossiyaliklarning ko‘chirilishi bilan izohlanadi. Rossiyadan kompaniyalarning ko‘chirilishi ham mahalliy iqtisodiy faollikni rag‘batlantirdi.

O‘zbekiston 2023-yilning birinchi choragida o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi. Yanvar oyida kuzatilgan anomal sovuq va sanoat ishlab chiqarishidagi uzilishlarga qaramay, xizmat ko‘rsatish sohasi sabab YaIM 5,5%ga o‘sdi.

Inflyatsiya hali ham yuqoriligicha qolmoqda, biroq bu ko‘rsatkich ham pasayib bormoqda.

YeTTB iqtisodchilari O‘zbekistonning 2023-yilda o‘sish prognozini o‘zgarishsiz qoldirdi — 6,5%. Biroq ular 2024-yilda yalpi ichki mahsulotning xuddi shunday o‘sishini kutishmoqda. Bu esa fevral oyidagi prognozdan 0,5%ga kam.

Ko‘chirishni davom ettirish, to‘g‘ri tashkil etilgan xususiylashtirish va tadbirkorlik sohasida islohotlarni kengaytirish faollikni saqlab qolishga yordam beradi.

Lekin, Rossiya-Ukraina urushining kuchayishi yoki transferlarning qisqarishi istiqbollarni yomonlashtirishi mumkin.

Aksariyat qo‘shni davlatlar o‘tgan yili YaIM o‘sishini biroz yuqoriroq ko‘rsatdi (Tojikiston — 8%, Qirg‘iziston — 7%, Turkmaniston — 7,2%). Biroq, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 3,2% gacha sekinlashdi.

Bunga O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Rossiya bozoriga tovarlar eksporti (reeksport)ning kengayishi va pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi yordam berdi.

Rossiya migratsiyasi mahalliy ko‘chmas mulk, mehmondo‘stlik va chakana savdo bozorlarini ham rag‘batlantirdi.

YETTB bu tendensiya kelgusi yillarda ham davom etishini kutmoqda. Tojikiston prognozning biroz yomonlashishiga qaramay, yalpi ichki mahsulotini yiliga 7,5%ga oshiradi. Qirg‘izistonda o‘sish sur’ati 7,0−7,2%, Turkmanistonda 6,5−7%ni tashkil etadi.

Markaziy Osiyo YeTTB uchun eng faol rivojlanayotgan mintaqa hisoblanadi. Prognozga ko‘ra, joriy yilda o‘rtacha o‘sish sur’ati 5,2%ni, kelgusida esa 5,4%ni tashkil etadi.

Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Yevropadagi pasayish, shuningdek, Sharqiy Yevropadagi inqirozdan keyin o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi fonida 2023-yilda bank faoliyat yuritayotgan mamlakatlar uchun umumiy o‘sish sur’ati 3,3%dan 2,2%gacha pasayadi. Keyin esa ko‘rsatkich 3,4%ga qaytishi kutilmoqda.