“Tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni qazib chiqarish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish hisobini yuritish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 1-iyulgacha barcha tabiiy gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga onlayn elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, mazkur hisoblagichlar soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinib, yagona avtomatlashtirilgan tabiiy gaz harakati tizimi joriy etiladi.

Joriy yilning 1-oktabridan O‘zbekistondan tabiiy gazni quvurlar orqali tashiydigan korxonalarning gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga xromatograf hamda elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.

1-iyulgacha tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni realizatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomalarga oid ma’lumotlarni kiritish uchun axborot tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 1-oktabrdan tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni realizatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomalarga oid ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritib boriladi.

Mazkur shartnomalar yuzasidan elektron hisobvaraq-fakturalar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.

2024-yilning 1-oktabrigacha mamlakatda qo‘shimcha 2 ta gaz o‘lchash stansiyasi quriladi.

Aprel oyida Saratovning “Gazapparat” kompaniyasi O‘zbekistonga gaz bosimi regulyatorlarini yetkazib berishi ma’lum qilindi. Bu bo‘yicha tomonlar o‘rtasida shartnoma tuzilgan.


Avvalroq 1-maydan gaz zapravkalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn video kameralari majburiy o‘rnatilishi belgilangandi.