Prezident ichki bozorda neft mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun mamlakatda 1 mln tonna, shu jumladan import hisobidan benzin va dizel yoqilgʻisi zaxirasini shakllantirish boʻyicha topshiriq berdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
“Joylarda 1 mln tonna yoqilgʻi saqlash sigʻimlari mavjud. Har bir hudud bu imkoniyatdan foydalanib, benzin va dizel yoqilgʻisi zaxirasini shakllantirishi kerakligi qayd etildi”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda neft mahsulotlarini mamlakatga olib kirishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilingan, deya eslatdi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, yoqilg‘i import qiluvchi korxonalarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun kreditlar ajratish ko‘zda tutilgan.
Yanvar oyi oxirida “O‘zbekneftgaz” Rossiyadan AI-80 benzinini olib kirish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Yetkazib beruvchilar “Gazpromneft”, “Tatneft”, bir qator xususiy tuzilmalar edi.
Qish mavsumida O‘zbekiston ichki bozorida eng ko‘p talab qilinadigan ushbu turdagi yoqilg‘ining 100 ming tonnaga yaqini Rossiyadan xarid qilindi.
O‘zbekistondagi neftni qayta ishlash zavodlarining umumiy quvvati 10 mln tonnaga yaqin bo‘lib, bugungi kunda ular to‘liq yuklanmagan.
So‘nggi yillarda mamlakatda muntazam ravishda benzin va boshqa turdagi neft mahsulotlarining keskin tanqisligi kuzatilmoqda.
Rasmiy statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 2022-yilda neft qazib olish 1,8%ga oshib, 787,8 ming tonnagacha, benzin ishlab chiqarish 1,26 mln tonnagacha (+ 11,5%), dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarish 800,1 ming tonnagacha (+5,9%) oshgan.
Avvalroq “Spot” prezident raisligida hududlarda energiya ta’minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan muhim vazifalar va topshiriqlarni bir joyga jamlagandi.