“Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i (“Anglesey Food”) da kassalar orqali bank kartalaridan naqd pul yechish xizmati ishga tushirildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Sinovdan o‘tkazish ishlari joriy yilning 1-mayidan boshlangan bo‘lib, jarayon 1-noyabrgacha davom etishi belgilangan.

“Korzinka” matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, xizmat hozirda bitta filial — “Shedevr Korzinka” supermarketida test rejimida amalga oshirilmoqda.

Undan faqat “HUMO” kartalari orqali naqd pul yechib olish mumkin hamda komissiya 1%ni tashkil etadi. “Uzcard"dan naqd pul yechib olish esa yaqin kunlarda amalga oshirilishi ta’kidlanmoqda.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat orqali supermarketda tovar sotib olingandagina pul yechib olish mumkin.

Shuningdek, naqd pul yechib olishning minimal miqdori 50 ming so‘mni, kunlik limiti 300 ming so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “Korzinka"da virtual kassa tajribasi o‘tkazilganini ma’lum qilib, mazkur tizim bo‘yicha regulyatorning me’yoriy-huquqiy hujjati Adliya vazirligida ko‘rib chiqilayotganini bildirgandi.


“UZCARD” va “HUMO"ning integratsiya ishlari yakunlangandi. Barcha bankomatlarni bosqichma-bosqich ulash 1-iyundan boshlanishi kutilmoqda. Bu tijorat banklari bilan kelishilgan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi: