O‘zbekistonda sun’iy intellekt va shu kabi texnologiyalarni joriy etish 2025-yilga borib mamlakatning ikkita asosiy sanoatida 430 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishi mumkin. Bu haqda Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) yangi tadqiqotida ta’kidlangan.

Biroq bunda mamlakat to‘g‘ri siyosat yuritishi, ta’limga hamda malaka oshirishga sarmoya kiritishi mazkur ko‘rsatkichga olib chiqishi mumkinligini ta’kidlamoda.

To‘rtinchi sanoat inqilobi (4IR) texnologiyalaridan foydalanish O‘zbekistonda to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida sezilarli o‘sish potensialiga ega bo‘lgan 100 mingta, qurilish sohasida esa 334 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

2025-yilga borib, bu sohalar mamlakatdagi eng yirik ish beruvchilar qatoriga kiradi.

“O‘zbekiston o‘z korxonalari va ishchilarini raqamli kelajak sari undash uchun ko‘plab qo‘llab-quvvatlovchi choralarni ko‘rgan bo‘lsa-da, hozir kelishilgan umumiy 4IR yo‘l xaritasini ishlab chiqish vaqti keldi”, dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Tadqiqot davomida so‘rovda qatnashgan ko‘pchilik kompaniyalar 2025-yilgacha bir qator funksiyalarda 4IR texnologiyalarini joriy etishga qiziqish bildirishgan.

To‘qimachilik va tikuvchilik kompaniyalarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 4IR texnologiyalarining joriy etilishi 2020−2025 yillar oralig‘ida mehnat unumdorligini 68%ga oshiradi. Qurilish korxonalarida bu ko‘rsatkich 60%ni tashkil etishi mumkinligi ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, mamlakatda ishchi kuchining qariyb 80%ini ish bilan ta’minlovchi kichik va o‘rta korxonalar 4IR texnologiyalarini joriy qilishda katta resurs va ishchi kuchi cheklovlariga duch kelishi mumkin.

Bu kabi korxonalar uchun bepul yoki subsidiyalangan, 4IRga yo‘naltirilgan konsalting dasturlarini, ishchilar uchun esa ichki va tashqi provayderlar orqali ish joyida o‘qitishni tashkil etish tavsiya etiladi. Bu esa ularning resurslarining muayyan cheklovlarini hal qilishga yordam beradi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarining 56%i o‘quv jarayonida o‘z-o‘zini o‘qitishning onlayn modullaridan, faqat uchinchisi virtual yoki to‘ldirilgan reallikdan foydalanadi.

“Ish kuchining 4IRga tayyorligini oshirish uchun ishchilarni yanada samaraliroq o‘qitish va bitiruvchilarni raqamli kasblarga yaxshiroq tayyorlash imkonini beruvchi kengaytirilgan va virtual reallik kabi innovatsion texnologiyalarni joriy etish muhim”, — deydi OTB ta’lim bo‘yicha bosh mutaxassisi Shanti Jagannatan.

Shuningdek, tadqiqot ayollar uchun maqsadli dasturlarni ishlab chiqish kerakligini ta’kidlamoqda.

Bu orqali ijtimoiy-madaniy me’yorlarni bartaraf etish va ayol ishchilar 4IR tomonidan yaratilgan yuqori malakali va yuqori maoshli texnik ishlardan uzoq muddatda foyda olishlari ta’minlanishi mumkin.


Mart oyi boshida “IBM” kompaniyasi mingdan ortiq xodimlarini sun’iy intellekt bilan almashtirmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.