Prezident Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining bu yilgi yig‘ilishida nutq so‘zladi. “Spot” davlat rahbari nutqidan muhim tafsilotlarni bir joyga jamladi.
“O‘zbekistonda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlarga qulay sharoitlar yaratishni yaxlit tizim asosida amalga oshiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi chet ellik sarmoyadorlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yib, o‘zaro manf́aatli loyihalar va uzoq muddatli strategiyalarni birgalikda ishlab chiqishda hal qiluvchi bo‘g‘in bo‘ladi.
Investorlar qayerda bo‘lmasin, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida tashkil etilgan “yagona darcha” orqali — 14 ta hudud, 208 ta tuman va shaharda hamda O‘zbekistonning xorijdagi barcha diplomatik vakolatxonalarida ularga zarur ko‘mak va xizmatlar ko‘rsatiladi.
Shuningdek, yil yakunigacha xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bu bo‘yicha davlat rahbari avvalroq Toshkent xalqaro investitsiya forumida mamlakatda Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida ma’lum qilgandi.
“Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun katta qadamlar tashladik. Ushbu yo‘nalishda bu yil salmoqli natijalarga erishamiz, deb ishonaman”, — deya qayd etdi davlat rahbari.
Ortiqcha byurokratiyani qisqartirish va korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilish bundan buyon ham davlat va jamiyatning diqqat markazida bo‘ladi.
Bu borada boshlangan ma’muriy islohotlarni davom ettirib, inson va biznesga ko‘maklashadigan, sifatli xizmat ko‘rsatadigan ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimi joriy etiladi.
YeTTB bilan hamkorlik
“Sanoat qurilish banki” va “Asaka banki"ni xususiylashtirish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan faol ish olib borilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatning tabiiy resurslaridan samarali foydalanish, eng zamonaviy texnologiyalari bor investorlarni jalb etish bo‘yicha bank bilan alohida dastur boshlangan.
“Biz kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha oldimizga katta marralarni qo‘ydik. Ularga erishish uchun tadbirkorlarga yangi-yangi imkoniyat va sharoitlar yaratamiz”, — dedi prezident.
Infratuzilma, tibbiyot, ta’lim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish belgilangan.
Bu borada bank bilan mamlakatda ilk bor Namanganda ichimlik suvi tarmog‘ini boshqarish, Toshkent-Samarqand magistral avtomobil yo‘lini qurish loyihalari boshlanmoqda.
Salohiyati yuqori bo‘lgan turizm sohasida ham davlat-xususiy sheriklik kengaytiriladi.
2030-yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40%ga yetkazish reja qilgangan.
Bu borada YeTTB bilan shu yilning o‘zida umumiy quvvati 1,2 gigaVatt bo‘lgan 3 ta yirik quyosh stansiyasi barpo etiladi.
Shu bilan birga, Samarqand yaqinda bankning “yashil shaharlar” dasturiga kiritildi.
“Nukus, Andijon, Buxoro va Namangan kabi shaharlarni ham ushbu dasturga kiritishda bankning ko‘magiga tayanamiz”, — dedi davlat rahbari.
Prezident bank bilan birga agrotexnologiyalar, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yana ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Global oziq-ovqat taqchilligi bilan bog‘liq muammolar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bunday loyihalar bank uchun ham, investorlar uchun ham juda foydali bo‘ladi, deb hisoblashini bildirdi.
Avvalroq YeTTB Nukusda shamol elektr stansiyasini qurishga $19 mln yo‘naltirishi haqida xabar berilgandi.