2022-yilning dekabrida Vengriya banki “Ipoteka bank"ni sotib oldi. Aksiyalarning 75%i hozir, qolgan 25%i esa birinchi bitim moliyaviy yopilganidan uch yil o‘tib sotilishi belgilangan.
Mart oyida prezidentning davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha yig‘ilishida mazkur bank $324 mlnga sotilgani ma’lum qilindi.
OTP banki yaqin ikki hafta ichida “Ipoteka bank"ning O‘zbekistondagi birinchi xususiylashtirilishini tugatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda OTP bank bosh direktori o‘rinbosari Laslo Vulfga tayanib, “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.
Laslo Vulfning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bozoriga kirish to‘g‘risidagi qaror uch yil avval qabul qilingan, bunga esa mamlakatning OTP Bank rivojlanishi uchun qulay ekanligi sabab bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urush va inqiroz boshlanganidan so‘ng bank rahbariyati O‘zbekiston bozoriga kirishga arziydimi, degan shubha tug‘ila boshlangan.
Ammo yakunda mamlakat iqtisodiyoti rivojiga to‘liq ishonch bilan mahalliy bankni xususiylashtirishga qaror qilingan.
“Biz hali shartnomani yopmadik, lekin ikki hafta ichida uni yopishga umid qilamiz. Ammo shartnoma imzolangandan beri biz bank bilan juda faol aloqadamiz”, — dedi Laslo Vulf.
Shuningdek, u O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti uch yil ichida $60 mlrd.dan $80 mlrdga o‘sgani, joriy yilda esa $84−85 mlrdga yetishi kutilayotganini ta’kidladi.
“Oxirgi uch yilda mamlakatda bozor va bank sektori ancha rivojlandi, bu ijobiy holat. Shu bilan birga, raqobat ham kuchaydi, ayniqsa, yangi raqamli banklar, umuman, barcha banklar yaxshilandi”, — dedi OTP bank direktori o‘rinbosari.
Uning qayd etishicha, OTP Bank bank filiallari va raqamli banking bilan gibrid model doirasida rivojlanishni rejalashtirmoqda. Bu esa “ikkala savdo kanalining eng yaxshisini” o‘z ichiga oladi
“Filiallarda xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish, kutish vaqtini qisqartirish, mijozlar ehtiyojini qondirish, korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, stavka hamda moliyaviy sharoitlarni yaxshilash kabi rejalarimiz bor”, — dedi u.
2021-yili “Ipoteka bank"ning 75% ulushini Vengriyaning “OTP Bank"iga sotish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.
2022-yilning bahorida esa bank Ukrainadagi harbiy harakatlar tufayli xaridni to‘xtatdi. Keyinchalik bankning top-menejeri Laslo Benchik bank “ishtahasini yo‘qotmagani"ni va kelishuvga qaytishga tayyorligini ta’kidladi.
Noyabr oyida esa Vengriya tomoni qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazayotgani va aktivning holatini o‘rganayotgani ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, bank O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirganligi sabab bitimning amalga oshish ehtimoli yuqoriligi bildirilgandi.
Mart oyi oxirida prezident qarori bilan ommaviy savdolar orqali sotiladigan korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi. Unda 1001 ta aksiya, 1046 ta ko‘chmas mulk hamda 40 ta IPO mavjud.