Ijtimoiy tarmoqlarda 1-iyundan boshlab “UzAuto Motors” kompaniyasi “Damas”, “Labo”, “Cobalt” hamda “Lacetti” avtomobillarining yangilangan versiyasini taqdim qilishi, shuningdek, “Cobalt” va “Lacetti” narxlari $20−23 mingdan boshlanishi haqida xabarlar tarqaldi.
Kompaniya matbuot xizmati bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, hech qanday ma’lumot taqdim etilmaganini ma’lum qildi.
Ushbu ma’lumotlar hech qanday asosga ega emas va yolg‘onligini ta’kidlab o‘tish kerak, deyiladi xabarda.
Kompaniya ijtimoiy tarmoqlar orqali turli sahifalarni yurituvchilardan odamlar e’tiborini chalg‘itadigan, asossiz xabarlarni tarqatmaslikni so‘ramoqda.
Avvalroq kompaniya “Onix” va “Tracker” uchun buyurtmalarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatgandi.
Dekabr oyida “UzAuto Motors” “Cobalt” va “Lacetti” avtmobillarini xarid qilish uchun shartnomalar berishni to‘xtatdi.
Oradan ko‘p o‘tmay esa “Damas” va “Labo” uchun buyurtma olishni to‘xtatdi.
Joriy yilning 4-yanvar kuni kompaniya texnik ishlar — dasturiy ta’minot yangilanishi va inventarizatsiya tufayli buyurtmalar qabul qilish, oldindan to‘lovlar va avtomobillarni chiqarish to‘xtatilganini e’lon qildi. 9-yanvar kuni esa shartnoma tuzish va avtomobilni chiqarish bo‘yicha mazkur muddat yana uzaytirildi.
17-yanvarga kelib, “UzAuto Motors” avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillar berishni tikladi hamda QQSni kamaytirish orqali avtomobillar narxini ham pasaytirishni e’lon qildi.
Yanvar oxiriga kelib, kompaniya bir nechta modellar uchun shartnomalar berishni qayta tikladi.
Ular qatorida “Malibu”, “Equinox”, “Traverse” kabi avtomobillar mavjud bo‘lib, QQSning pasayishi hisobiga shundan faqat Malibuning narxi arzonlashgandi.