Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida shamol elektr stansiyasi quriladi. Bu bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) va Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi o‘rtasida kredit shartnomasi imzolandi, deya xabar berdi “Dunyo” nashri.

Unga ko‘ra, loyiha doirasida bank $19 mln kredit mablag‘lari yo‘naltiradi.

Mazkur elektr stansiyasining quvvati 100 MVtni tashkil etib, YeTTB dasturi doirasida O‘zbekistonga umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan shamol energetikasi quvvatlarini yaratishda yordam beradigan birinchi loyiha hisoblanadi.

Umuman, bank tomonidan moliyalashtiriladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining quvvati 2700 MVtgacha oshirilishi ta’kidlangan.

Bank 6 yil avval O‘zbekistonda qayta ish boshlaganidan beri biznes muhitni yaxshilash va xususiy sektor rolini oshirish maqsadida mamlakat iqtisodiyotiga 3 mlrd yevro sarmoya kiritgan.

2022-yilda bank mamlakatdagi loyihalarga qariyb $900 mln sarmoya kiritdi. Natijada bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 30%ga oshgan hamda O‘zbekiston uchinchi yilda ham Markaziy Osiyoda eng ko‘p mablag‘ oluvchi mamlakatga aylandi.


2022-yilning dekabrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Buxoroda umumiy quvvati 1 GVt boʻlgan ikkita shamol elektr stansiyasi qurish uchun $520 mlnlik ikkita sindikatlashtirilgan kredit ajratishi ma’lum qilingandi.

Joriy yilning aprel oyida esa OPEK jamgʻarmasi Oʻzbekistondagi ikkita shamol elektr stansiyasiga $40 mln miqdorida mablagʻ ajratishi haqida xabar berildi.

Jamg‘arma “ACWA Power” bilan 500 MVt quvvatga ega Jankeldi shamol elektr stansiyasi va 500 MVt quvvatga ega Bash shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha bitim imzolagan.

Undan keyin Osiyo taraqqiyot banki bilan mazkur shamol elektr stansiyalarini rivojlantirishga $174 mln.lik kreditlarni yo‘naltirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.