Joriy yilning may-sentabr oylarida O‘zbekiston Tojikistondan jami 1 285 mln kVt/soat elektr energiyasini import qiladi. Bu haqda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, bu bo‘yicha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Barki Tochik” kompaniyalari o‘rtasida shartnoma imzolangan.
Ayni paytda import amaliyoti ikkita 220 kVli yuqori kuchlanishli havo tarmoqlari orqali amalga oshirilmoqda.
Shartnomaga asosan yoz oylarida elektr energiyasi va suv resurslariga ehtiyoj ortadigan davr uchun import hajmlarini 500 kVli tarmoqlar orqali ko‘paytirish belgilangan.
2018-yildan boshlab Tojikistondan elektr energiyasini import qilish ishlari qayta yo‘lga qo‘yilgan. Shundan:
- 2018-yil aprel-sentabr oylarida 1 480,9 mln kVt/soat hajmda;
- 2019-yil aprel-oktabr oylarida 1 425,1 mln kVt/soat hajmda;
- 2020-yil may-sentabr oylarida 566,7 mln kVt/soat hajmda elektr energiyasi import qilingan.
Biroq, 2020-yilning 16-iyulidan boshlab O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berish qisman to‘xtatilgandi.
Shundan so‘ng, import qilish qayta tiklanib, 2021-yilning may-sentabr oylarida 1 143,6 mln kVt/soat, 2022-yil aprel-sentyabr oylarida esa 823,2 mln kVt/soat hajmda elektr energiyasi import qilingan.
Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonda kuzatilgan anomal sovuq ob-havo sabab, mamlakat Tojikistondan elektr energiyasi importini oshirgandi.
Xususan, Surxondaryoning 14 ta tumanidan sakkiztasi qo‘shni davlatdan sotib olingan elektr energiyasi bilan ta’minlangan.