Fevral oyida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha MCHJ shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilgandi.
Undan keyin mazkur kompaniyaga dastlabki $10 mln yo‘naltirildi. Dasturga asosan, joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Mart oyiga borib, ijtimoiy va davlat binolari hamda boshqa tashkilotlar uchun kichik quyosh fotoelektr stansiyalarini sotib olish, o‘rnatish va kafolatlangan texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tanlovga arizalar qabul qilinishi xabar berildi.
Loyihaning umumiy quvvati 219,4 MVt bo‘lib quyidagi 6 ta lotga bo‘lingan:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrining Olmazor tumani — 36,1 MVt;
- Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari — 33,8 MVt;
- Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani — 41,55 MVt;
- Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari — 33,3 MVt;
- Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahrining Chilonzor tumani — 34,1 MVt;
- Toshkent shahri (Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek va Olmazor tumanlaridan tashqari) — 40,55 MVt.
Energetika vazirligi mazkur tanlov yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha tanlovda 18 ta kompaniya ishtirok etgan.
Tanlov natijalari bo‘yicha yutgan kompaniyalar bilan tuzilgan shartnomalar mazkur kompaniyalar tomonidan shartnoma shartlari bajarilmaganligi uchun bekor qilingan.
Ajratilgan mablag‘lar inobatga olingan holda, umumiy quvvati 2,5 MVtga teng quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha yangi tanlov e’lon qilingan.
Keyingi bosqichda ushbu yo‘nalishdagi loyihalarning asosiy qismini moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Hozirda bu yo‘nalishda muzokaralar olib borilmoqda. “Bu esa, o‘z navbatida loyihalarning narxini pasaytirish va ularning sifatli amalga oshirilishida muhim ahamiyatga ega”, deyiladi vazirlik xabarida.
“Gazeta.uz"ning Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga tayanib yozishicha, mazkur masala bo‘yicha alohida ichki tekshiruv mavjud.
“Biz moliyaviy imkoniyatlar mavjudligini hisobga olib, uni taqsimlashga va kichik hajmlardan boshlashga qaror qildik, chunki „Yashil Energiya“ kompaniyasi tenderni biroz noto‘g‘ri tashkil etib, bosqichma-bosqich joriy etilishi kerak bo‘lgan barcha miqdorni e’lon qilgan”, — dedi Energetika vazirligi rahbari.
Avvalroq bloger “Davletovuz” tender g‘oliblari kimlar bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilgandi. Xususan, unda quyidagi kompaniyalar g‘olib bo‘lgan:
- Toshkent shahridagi davlat va ijtimoiy soha obyektlari uchun 323 mlrd so‘mlik quyosh batareyalari yetkazib berish — “Virtec Power”
- Toshkent shahri, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi davlat va ijtimoiy soha obyektlarini quyosh batareyalari bilan ta’minlash — 275,8 mlrd so‘m — “Virtec Power”;
- Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlariga quyosh batareyalarini yetkazib berish — 272,6 mlrd so‘m — “Virtec Power”;
- Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari obyektlari uchun 276,4 mlrd so‘mlik quyosh panellarini yetkazib berish — “Virtec Power”;
- Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanlariga 390 mlrd so‘mlik quyosh panellarini yetkazib berish — “Cifra B”;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati, shuningdek, Toshkent shahrining Olmazor tumaniga 339 mlrd so‘mlik quyosh panellarini yetkazib berish — “Cifra B”.
Xususan, 1,9 trln so‘mlik buyurtmaning 1,1 trln so‘mini “Virtec Power” kompaniyasi qo‘lga kiritgan. “Cifra B” kompaniyasi esa 729 mlrd so‘mlik quyosh panellarini yetkazib berishi belgilangandi.
Qayd etilishicha, “Yashil Energiya” kompaniyasining ustav kapitali 118,4 mlrd so‘mni tashkil qiladi. MCHJ ulushlarining qariyb 96%ga 6 ta bank — “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Agrobank” va “O‘zmilliybank"ning investitsiya kompaniyalari (har birida 19,1%dan) hamda “Turonbank” va “Qishloq qurilish bank” (har biri 9,58%dan) kompaniyalari egalik qiladi.
Qolganiga esa Energetika vazirligining Tarmoqlararo energetikani tejash jamg‘armasi egalik qilishi ta’kidlanmoqda.