Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifi davomida Si Szinpin bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda savdo-iqtisodiy sohada o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida o‘tkazilgan biznes-forum yakunida umumiy qiymati $25 mlrd.lik bitimlar imzolandi.
Muqobil energetikani rivojlantirish bo‘yicha quyosh, shamol va suv elektr stantsiyalarini barpo etish, quyosh panellari, elektr uskunalar, transformatorlar, akkumulyatorlar ishlab chiqarish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va mutaxassislarni tayyorlash borasidagi loyihalardan iborat investitsiyaviy-texnologik hamkorlik dasturini amalga oshirishga e’tibor qaratildi.
Yangi avlod avtomobillarini ishlab chiqarish sohasidagi kooperatsiyani kengaytirish — elektr va gibrid avtotransport vositalarini yig‘ish bo‘yicha yangi zavodlarni ishga tushirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Turdosh tarmoqlardagi loyihalarni ishlab chiqish, xususan, mis, litiy, nodir metallarni chuqur qayta ishlash asosida elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi texnologik klasterni barpo etish muhimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, plastmassalar, kimyoviy mahsulotlar, metall buyumlar, oziq-ovqat, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, biotexnologiyalar klasterini tashkil etishda hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Xitoy banklari va “Ipak yo‘li” fondi hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlikn darajasi yuqori ekani qayd etildi.
Ikki mamlakat hududlarining hamkorlik salohiyatini oshirish, shu jumladan Sirdaryoni “Ilg‘or texnologiyalar hududi"ga aylantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar belgilab olindi.
Faol muloqotlar va aviaqatnovlar qayta tiklanishini hisobga olib, joriy yilda O‘zbekistonda ikki mamlakat shahar va hududlarining birinchi forumini o‘tkazish masalasi o‘rganiladi.
Ikki davlat rahbari Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, ta’lim va turizmda hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro madaniyat, san’at va kino kunlarini o‘tkazish, an’anaviy tibbiyot, ko‘z va boshqa turdagi kasalliklarni davolash, vaksina va farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi dasturlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.