Ozarbayjonning “SOCAR” davlat neft kompaniyasi va “O‘zbekneftgaz” hamkorlikda “SOCAR Trading” qo‘shma korxonasini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar berdi “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati.

Qo‘shma korxona tashkil etish masalasi “O‘zbekneftgaz” rahbariyati va “SOCAR” kompaniyasi prezidenti Rovshan Nadjaf boshchiligidagi delegatsiya ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilingan.

Uchrashuv kun tartibida ikkala tomon hamkorlikda “SOCAR Trading” qo‘shma korxonasini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizasiya qilish loyihasida ishtirok etish, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjondagi konlarni birgalikda o‘zlashtirishga alohida qiziqish bildirildi.

Shu bilan birga, “SOCAR” rahbariyati tomonidan O‘zbekiston hududida operator sifatida, shuningdek, xizmat ko‘rsatish shartnomalarida ishtirok etishga tayyor ekanligi ma’lum qilindi.


Avvalroq O‘zbekiston Ozarbayjon bilan $500 mlnlik qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etishi haqida xabar berilgandi.

“Spot” avvalroq O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Hozirda mamlakatdan kelayotgan tovarlarni saqlash uchun mazkur port hududida ombor infratuzilmasini yaratish ishlari olib borilmoqda.