“UzAuto Motors” kompaniyasi “Chevrolet Damas” va “Labo” avtomobillarini ishlab chiqarish hajmini yiliga 150 mingtaga oshirmoqchi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur avtomobillarni ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish dasturi yakunlangan.
2016-yildan buyon Xorazm viloyatidagi zavodda “Damas” va “Labo” ishlab chiqarish hajmi deyarli 5 barobarga oshdi.
2022-yilda ishlab chiqarish hajmi 93 mingdan oshdi hamda bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan qariyb 30%ga ko‘p, deya qayd etilgan xabarda.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 4 oyida “Damas ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19% ga kamaygan.
Yanvar-aprel oylarida jami 19 052 dona ushbu markadagi avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli 4,5 mingtaga kamdir.
2022-yilning dekabrida “UzAuto Motors” “Damas” va “Labo” uchun buyurtma olishni to‘xtatgandi.