“Netherlands Education Group” iqtidorli yoshlar uchun qisqa muddatli dasturlarga arizalar qabul qiladi.
Stipendiya dasturi butun dunyodan kelgan xalqaro iste’dodli yoshlar bilan birga ishlash va o‘z-o‘zini rivojlantirish imkonini beradi.
Dastur davomida “Netherlands Education Group” bilan biznes masalalari ustida ish olib borilib, tashkilotni rivojlantirishning yangi usullari haqida jamoaviy ishlash mumkin bo‘ladi.
Unga barcha mamlakatdan, har qanday yoshdagi nomzodlar ariza topshirishi mumkin.
Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:
- ingliz tilini yaxshi bilish (B1+);
- yaxshi muloqot qobiliyatlariga ega bo‘lish;
- “Facebook”, “Instagram” va “LinkedIn"da shaxsiy hisobiga ega bo‘lish;
- kuchli Internet bilan ta’minlanganlik.
Dasturga qabul uch bosqichda olib boriladi va birinchi bosqichda nomzodlardan arizalar qabul qilinadi.
Arizalar uch hafta ichida ko‘rib chiqiladi hamda tanlov natijalari haqida barcha nomzodlar xabardor etiladi.
Tanlangan nomzodlar keyingi bosqichga taklif qilinadi. Navbatdagi bosqichda nomzodlar masofaviy ravishda amaliyot o‘tashadi. Bu bosqichning davomiyligi — 6 oy.
Mazkur ikkinchi bosqichda ishtirokchilar turli vazifalarni bajaradi: bozor tadqiqotlari, mahalliy hamkorlar bilan aloqa hamda ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlashish kabilarni olib boradi.
Ushbu bosqichda muvaffaqiyatli ishtirok etgan ishtirokchilar keyingi bosqichga qabul qilinadi.
Oxirgi, uchinchi bosqichda ishtirokchilar Amsterdamda o‘tkaziladigan amaliyot dasturiga jalb qilinadi.
Amsterdamdagi amaliyot dasturining davomiyligi — 3 oy. Bunda aniq vaqt belgilanmagan, borish vaqti ishtirokchi bilan kelishilgan holda tanlanadi.
Niderlandiyada kechadigan amaliyotda jamoa bilan birga ishlab, o‘z fikr-mulohazalarini berib borishi, loyihalari bilan taqdimotlar qilishi kerak.
Tashkilot tomonidan quyidagi xarajatlar qoplanadi:
- Amsterdamga borish va qaytish;
- uch oy davomida turar joy;
- ovqatlanish;
- Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi ishtirokchilar uchun viza taklifnomasi beriladi.
Dasturda ishtirok etishni istagan nomzodlar ingliz tilidagi CV va motivatsion xatini havola orqali jo‘natishlari kerak.
Arizalarni qabul qilish muddati belgilanmagan. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq Yevropa hukumati “Arqus Talent” stipendiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.