Hukumatning “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tayyorlov o‘quv kurslarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, mazkur o‘quv kurslari quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etilishi belgilangan:

  • axborot texnologiyalaridan va kommunikatsiyalaridan foydalanish (boshlang‘ich);
  • matematik statistika;
  • algoritmlash asoslari;
  • ma’lumotlarni qayta ishlash;
  • dasturlash tillari (Phthon);
  • ingliz tili;
  • qaror qabul qilish asoslari.

O‘quv kurslari jamoa bo‘lib ishlash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham tashkil etilishi mumkin.

Birinchi o‘quv yilida kamida 60 ta tinglovchi qabul qilinib, keyingi yillarda tinglovchilar soni ehtiyojdan kelib chiqib, oshirib boriladi.

Ta’lim olish 34 hafta muddat davomida “Blending learning — aralash ta’lim texnologiyasi” asosidagi o‘quv dasturiga muvofiq tashkil etiladi.

Mazkur kurslarda o‘qish uchun tanlovning birinchi yilida davlat OTMlarining bakalavriat bosqichida (barcha ta’lim shakli bo‘yicha) 2-kursni muvaffaqiyatli tamomlagan (akademik qarzdorligi bo‘lmagan) talabalari ishtirok etishlari mumkin.

Bu o‘quv kurslariga qabul qilingan talabalarning o‘qishi mos va turdosh yo‘nalishlarda Toshkentda joylashgan davlat OTMlariga akademik mobillik asosida bir yil muddatga ko‘chiriladi.

O‘quv kurslariga qabul qilingan talabalar (tinglovchilar):

  • o‘qish davomida BHMning to‘rt baravari — 1 mln 320 ming so‘m oylik stipendiya ajratiladi;
  • turar joy bilan ta’minlanadi yoki asosiy o‘qish joyi bo‘lgan hududlardagi davlat OTMlari tomonidan belgilangan tartibda ijara to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi;
  • o‘qishi davomida bir mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi;
  • ta’lim olish muddatiga zarur kompyuter jihozlari (noutbuk va boshqalar) taqdim etiladi;
  • “IT Park” rezidentlari bo‘lgan tashkilotlarda amaliyotlarda qatnashishi ta’minlanadi.

Shuningdek, o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga “Ulug‘bek” jamg‘armasi va Toshkentdagi Inha universiteti tomonidan tasdiqlanadigan tegishli yo‘nalishi bo‘yicha davlat namunasidagi sertifikat beriladi.


Avvalroq 25 yoshgacha bo‘lganlarni ishga olgan korxonalarga to‘langan ijtimoiy soliqni qoplab berish muddati uzaytirilgandi.