O‘zbekistonda Eron bilan hamkorlikda sut mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, vazir o‘rinbosari Umid Mamadaminov hamda Eronning “Mimas Dairy” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Abbos Salimiyon boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida muhokamalar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekistonda sut mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona hamda chorva ozuqasi yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Sut mahsulotlarini ishlab chiqarish fabrikasi Angren EIHda tashkil etish, chorva uchun ozuqa mahsulotlarini yetishtirishni esa Ohangaron tumanida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qiziqish bildirildi.
Bundan tashqari, “Mimas Dairy” vakillari Toshkentda faoliyat yuritayotgan yirik savdo do‘konlari faoliyati va sut mahsulotlari turlari bilan tanishdi.
Kompaniya yirik savdo do‘konlari bilan hamkorlikda poytaxtda sotuvni yo‘lga qo‘yish va yil yakuniga ko‘ra investitsiya loyihasini ishlab chiqish taklifini bildirgan.
Kompaniya haqida
“Mimas Dairy” kompaniyasi 1972-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Eronda sut va sut mahsulotlari, jumladan yogurt, qaymoq, ayron, qatiq, pishloq, jele, panakota, desertlar, karamel, turli tabiiy sharbatlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallaydi. Kompaniya mahsulotlari O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport qilinadi.
Avvalroq Xitoy kompaniyalari qishloq xo‘jaligi sohasida O‘zbekistonda $1,2 mlrdlik loyihalarni amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.