Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Taqdimotda boshlang‘ich sinflarda xorijiy tajriba asosida yangi o‘quv dasturi joriy qilish rejalari muhokama qilindi.
Unga ko‘ra, yuqori sinflarda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga kamaytirilib, dasturlarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi ta’minlanadi.
Bunda 11 ta majburiy va 2 ta tanlov fani tatbiq etiladi. Yangi o‘quv yilidan informatika fani 1-sinfdan o‘rgatiladi.
Maktablarni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida pedagoglarni sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ya’ni, ishga kirayotgan pedagog 1 yil davomida o‘qituvchi-stajyor sifatida faoliyat yuritib, shu muddatda sertifikat olishi kerak bo‘ladi.
O‘qituvchilarga malaka toifasini berish bo‘yicha sinovlar 2 bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani bo‘yicha bilimi, ikkinchisida pedagogik mahorati baholanadi.
Shuningdek, malaka sertifikati olgan pedagoglarning oylik maoshiga 70%gacha miqdorida ustama to‘lanishi mumkin.
Shu bilan birga, bog‘chalarga malakali tarbiyachilarni jalb qilish uchun 2024-yil 1-iyundan ularning ish haqi stavkalari maktab o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi.
Malakali rahbarlar muhitini shakllantirish maqsadida hududlarda eng tajribali direktorlardan iborat “Direktorlar kengashi” tashkil etiladi.
Endi maktab direktorlari lavozimga mazkur kengash tavsiyasi bilan ochiq tanlov asosida tayinlanadi.
Shuningdek, vazirlikning tuman (shahar) bo‘limlarining maktablar faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash vakolatlari tugatiladi.
Xususiy maktablarni tashkil qilishda qo‘yilgan talablar yengillashtiriladi.
Avvalroq “Spot” yuqori natijalarga erishgan pedagoglarga har oyda 50%gacha ustama to‘lash tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.