Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazildi. Bu haqda Qozog‘iston Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

23-may kuni O‘zbekistonning vakolatli davlat organlari bilan ishchi guruhning tezkor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda tomonlar chegarada kuzatilayotgan navbatni zudlik bilan hal etish choralarini ko‘rib chiqdi.

Xususan, transport oqimlarini qayta taqsimlash amalga oshirilib, rekonstruksiya qilingan “B.Qo'nisboyeva” nazorat-o‘tkazish punktiga sezilarli miqdor jo‘natilgani ta’kidlanmoqda.

Nazorat-o‘tkazish punktlari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilib, chegaradan avtotransport vositalarining o‘tishini nazorat qilish bo‘yicha operatsiyalarni tezlashtirish maqsadida bojxona postlari xodimlari qo‘shimcha shtat bilan ta’minlandi.

O‘zbekiston tomoni bilan har ikki yo‘nalishda ham tovar va transport vositalarini qabul qilish, chegarada nazorat operatsiyalarini o‘tkazishni oshirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Ishchi guruh yaqin kunlarda har ikki tomonning barcha nazorat-o‘tkazish punktlari ishini tekshirishi qayd etilgan.

O‘zbekiston bilan chegaradagi o‘tkazish punktlarining aylanmasi va o‘tkazuvchanligini oshirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

May oyidan boshlab, O‘zbekistondan Qozog‘istonga meva-sabzavot mahsulotlari importi (jumladan, Rossiyaga tranzit bilan) mavsumiy davr tufayli oshdi.

Bugungi kunga qadar Turkiston viloyatidagi uchta bojxona postiga kuniga o‘rtacha 900−1000 yuk avtomobili (“B.Konisbayeva” — 500 ta, “Qozig‘urt” — 200 ta, “Atameken” — 200 ta) yuk mashinalari kelib tushmoqda.

Qozog‘istondagi “Kaplanbek” posti va O‘zbekistondagi unga tutash postlar qurilish sabab to‘liq yopilgani qayd etilmoqda.


Yil boshida Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegaradagi postlardan birida elektron navbat xizmatini yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi.

Avvalroq, Qozog‘iston bilan chegaradagi “Sirdaryo” va “S.Najimov” nazorat-o‘tkazish punktlarining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi.

Bunga Qozog‘istonning “Qazigurt” va “Atameken” o‘tkazish punktlari rekonstruksiya qilinishi sabab bo‘lgan.