Rossiyada ish beruvchilarga mehnat muhojirlari uchun ish haqini mamlakat fuqarolaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash majburiyatini yuklash taklif qilindi.

Bu haqda “Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun” partiyasi yetakchisi Sergey Mironov bosh vazir Mixail Mishustinga tegishli murojaat bilan chiqgan, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” nashri.

Qayd etilishicha, me’yorlar buzilgan taqdirda, Mironov jarima solishni taklif qilgan.

Shuningdek, u ish beruvchilardan ish bilan band bo‘lgan mehnat migrantlari daromadining 2%i miqdorida qo‘shimcha soliq yoki Rossiyadan boshqa davlatlarga migrantlarning pul o‘tkazmalari uchun 1%lik davlat komissiyasi joriy etishni taklif qildi.

Mironovning soʻzlariga koʻra, mehnat muhojirlari boshqa davlatlarga pul oʻtkazish orqali Rossiya iqtisodiy salohiyatining zaiflashishiga ta’sir qiladi.

Shu bilan birga, u chet ellik ishchilar uchun sug‘urta badallari to‘lanmaganida ish beruvchilarga jarimani to‘lanmagan summaning 20%idan 100%igacha oshirishni taklif qildi.

Partiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, takliflarning hayotga tatbiq etilishi demografik pasayish muammosini ham, mehnat migratsiyasining o‘sishini ham hal qiladi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston yana Rossiya uchun mehnat muhojirlarining asosiy manbaiga aylangani haqida yozgandi.