“Qanot Sharq” aviakompaniyasi Samarqand-Istanbul yoʻnalishi boʻyicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslarni yoʻlga qoʻyadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, parvozlarning boshlanishi 1-iyunga belgilangan. Reyslar haftada uch marta — seshanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

Samarqanddan uchish soat 7:00 da amalga oshiriladi va bir tomonlama chipta narxi — $208ni tashkil qiladi.

“Qanot Sharq” oʻzini Oʻzbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniya sifatida ta’kidlaydi. Aviakompaniya 1998-yilda roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, 2003−2012-yillarda “Uzbekistan Airways"dan IL-76 samolyotlarini ijaraga olgan holda charter reyslarini amalga oshirgan.

Barcha IL-76 samolyotlarini Mudofaa vazirligiga oʻtkazilganidan soʻng, kompaniyaning havo operatori sertifikati toʻxtatildi. Prezident fuqarolik aviatsiyasi toʻg'risidagi farmonni imzolagandan soʻng, kompaniya asoschilari uni mahalliy aviakompaniya maqomida tiklashga qaror qilishdi.

“Qanot Sharq” aviakompaniyasi 2021-yil sentabr oyidan parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.

2022-yil 21-iyuldan boshlab “Qanot Sharq” aviakompaniyasi Sankt-Peterburg-Samarqand yoʻnalishi boʻyicha qatnovlarni boshlagandi.

Avgust oyida esa aviakompaniya ikkita yangi Airbus A321neo samolyotini lizingga oldi.

Shuningdek, “Qanot Sharq” Toshkent-Farg‘ona-Moskva yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.


Avvalroq “Spot” Rossiyaning “Utair” aviakompaniyasi iyun oyidan boshlab Samaradan Buxoro va Farg‘onaga muntazam parvozlarni amalga oshirishi haqida yozgandi.