“Ko‘ksaroy” qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Singapur prezidenti Halima Yaqubning muzokaralari o‘tkazildi.

Ushbu oliy darajadagi tashrif ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 25 yil ichida birinchisi ekani ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyevning Singapurga shu yil yanvardagi tashrifi yakunida hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan barcha kelishuvlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Muzokaralarda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, jamoat xavfsizligi va madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha muloqotlarni faollashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Singapurning “Indorama”, “Meinhardt Group”, “Franklin Templeton”, “Enercon”, “PSA”, “Changi Airport” va boshqa kompaniyalari bilan kimyo va to‘qimachilik sanoati, transport va logistika, shaharsozlik, ta’lim xizmatlari, xususiylashtirish sohalarida $3,8 mlrdlik loyihalarning amalga oshirilishi faol pallaga kirgan.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va oziq-ovqat mahsulotlarining Singapur bozoriga yetkazib berilishini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar gumanitar loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga qat’iy intilishini bildirdi.

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim markazi doirasida Singapurning davlat boshqaruvi va boshqaruv kadrlarini tayyorlash borasidagi tajribasini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.

Singapurning O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari faoliyati hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi muntazam madaniy, ta’lim va turizm almashinuvlarining faollashishi qo‘llab-quvvatlandi.

Davlat rahbarlari Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyoda mintaqaviy integratsiyaning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, xalqaro maydonda, eng avvalo BMT doirasida hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonida o‘zaro anglashuv va qo‘llab-quvvatlash darajasi yuqori ekanini qayd etdi.


Shavkat Mirziyoyev Singapur bilan hamkorlikning quyidagi 5 ta asosiy yo‘nalishini belgilab bergan:

  • Singapurni O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilish;
  • ilg‘or “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni tatbiq etish;
  • shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish;
  • inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
  • investitsiyalar va o‘zaro savdoni kengaytirish hamda mamlakat kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni ilgari surish.

Shuningdek, ustav kapitali $500 mln bo‘lgan O‘zbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgan.