Joriy yilning 15−21 may kunlari O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida 2,2 trln so‘mlik tovarlar sotilgan. Bu haqda birja matbuot xizmati ma’lum qildi. Natijada ko‘rsatkich undan oldingi haftaga nisbatan 22,9% ga kamaygan.

O‘tgan hafta mobaynida onlayn auksion orqali 1 030 ta avtoraqamlar sotilib, davlat raqam belgilarining umumiy summasi 4,5 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Shuningdek, bu davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1,8 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi.

Xususan, birja savdolariga 14 501 tonna shakar qo‘yilib, shundan 10 703 tonnasi (73,8%) sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 333 ta xaridor ishtirok etgan.

Shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 13 428,8 ming so‘mdan 13 105,2 ming so‘mgacha pasaygan.

O‘tgan haftada birja savdolari orqali 7 800 tonna bug‘doy sotilib, bunda har kuni o‘rtacha 10 ta xaridor ishtirok etdi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 1 560 tonnani tashkil qildi.

Xususan, bug‘doyning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3 500 ming so‘mdan 3 455,1 ming so‘mgacha pasaydi.

Bundan tashqari, birja savdolariga 21 760 tonna karbamid qo‘yilib, uning 14 060 tonnasi (64,6%) sotildi.

O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 99 ta xaridor ishtirok etgan. Barcha markali karbamidning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3 342,4 ming so‘mdan 3 221,9 ming so‘mgacha pasaygan.


Avvalroq UZEX Xitoy bilan o‘zaro savdo aylanmasini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishi haqida xabar berilgandi.