2023-yilgi davlat dasturiga muvofiq, O‘zbekistonda 2023−2026 yillarda silga qarshi kurashish bo‘yicha jami $59,5 mln yo‘naltiriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, dori va sarflov vositalari, tibbiy texnika, mutaxassislar tayyorlash va innovsion ilmiy izlanishlar uchun davlat budjetidan $33 mln yo‘naltiriladi.
Shuningdek, xalqaro donorlar hisobidan $26,5 mln miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
“Mamlakatda tuberkulyoz xizmatining isloh qilinishi natijasida qariyb 130 ming nafar inson hayoti saqlab qolindi, kasallikka chalinish ko‘rsatkichi 43% ga, o‘lim holatlari esa 84%ga kamaydi. Hozir silni aniqlash bo‘yicha besh bosqichli laboratoriya tizimi ishlaydi.”, — deydi vazir.
O‘zbekistonning 13 ta ma’muriy hududida “O‘pka salomatligi” ko‘chma mobil brigadalari tashkil etilib, chekka va olis manzillarda yashovchi aholi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Yil boshida O‘zbekistonda tibbiyotni raqamlashtirishga Turkiya mutaxassislari jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.
Avvalroq tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgandi.