Germaniya va O‘zbekiston migratsiya tartibini sezilarli darajada osonlashtiradigan migratsiya kelishuvi ustida ishlamoqda. Bu haqda Germaniyaning “MiGAZIN” nashriga tayanib “Dunyo” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ishlab chiqilayotgan kelishuv ta’lim va mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, hujjat o‘zbekistonlik talabalar va ishchilarga Germaniyada o‘qish va ishlash imkonini beradi.
“Migratsiya sohasidagi hamkorlik ham ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda”, deyiladi xabarda.
O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yilda 300 ga yaqin o‘zbekistonlik Germaniyada asosan dual ta’lim orqali ishga joylashtirilgan.
Kelgusida Germaniyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni sezilarli darajada oshishi kutilmoqda, deya xulosa qiladi “MiGAZIN” nashri.
2022-yilda O‘zbekistonda dual ta’lim tizimi Germaniya tajribasi asosida rivojlantirilishi ma’lum qilingandi.
Shuningdek, mamlakat bilan hamkorlikda ta’lim dasturlarini transformatsiya qilishga kelishilgan.