2022-yilning 1-noyabridan IT bo‘yicha tahsil olayotgan yoki o‘quv kurslarini so‘nggi 6 oyda tamomlagan yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun BHMning 25 baravarigacha (7,5 mln so‘mgacha) iste’mol kreditlari ajratila boshlandi.

Shuningdek, iste’mol krediti asosida kompyuter yoki noutbuk xarid qilmoqchi bo‘lgan talabgorlarga kredit foizlari ham qoplab beriladi.

Buning uchun talabgor “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini tugatgan yoki “IT Park” rezidentining o‘quvchisi yoki bitiruvchisi bo‘lishi kerak.

Xizmatdan Yagona portal orqali masofadan turib foydalanish mumkin.

Bunda arizalarni 30 yoshgacha bo‘lganlar jo‘natishlari mumkin. Agar talabgor hali 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa uning nomidan vakili murojaat qilishi mumkin.

Portal orqali so‘rov jo‘natish uchun qidiruv tizimiga “Bir million dasturchi…” kalit so‘zini kiritish kerak.

Kerakli sahifa ochilgach “Xizmatdan foydalanish” tugmasi orqali arizani rasmiylashtirish mumkin. Unda so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirib, “yuborish” tugmasini bosish kerak.

Yoshlar ishlari agentligi 5 ish kuni davomida sertifikatni verifikatsiyadan o‘tkazadi.

Arizachi agentlik tomonidan ma’lumotnomaga ega bòlgach, kompyuter xaridi uchun shartnoma asosida ishlovchi do‘kon topishi kerak.

Kredit rasmiylashtirish uchun esa “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” hamda “Aloqabank"lardan biriga murojaat qilish mumkin.

Bankka esa quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:

  • shaxsni tastiqlovchi hujjat (pasport);
  • agentlik tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnoma;
  • kursni tamomlaganligi haqida sertifikat nusxasi;
  • vakil hamda uning tasdiqlovchi hujjati (pasport);
  • do‘kon bilan tuzilgan shartnoma nusxasi.

Darvoqe, portal orqali ariza jo‘natish bepul. Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.


Avvalroq “Spot” kira qilish uchun litsenziya varaqasini qanday onlayn olish mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.