Toshkentda O‘zbekiston-Singapur qo‘shma ta’lim markazi ochildi, deya xabar bermoqda “UzA”.
Xususan, Singapur prezidenti Halima Yaqub boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga tashrif buyurdi.
Bu yerda O‘zbekiston-Singapur qo‘shma ta’lim markazining ochilishi o‘tkazildi.
Markaz kadrlar zaxirasiga kiritilgan davlat xizmatchilarining Davlat xizmati kolleji, Li Kuan Yu nomidagi davlat boshqaruvi maktabi kabi Singapur ta’lim muassasalarida malaka oshirishini tashkil qilish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, markazda kovorking maydoni tashkil qilinib, bu yerda singapurlik ekspertlar jalb qilingan holda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik olib boriladi.
Avvalroq ikki mamlakat rahbarlari Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan ta’lim markazi doirasida Singapurning davlat boshqaruvi va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tajribasini joriy etish muhimligini ta’kidlashgandi.
Tomonlar Singapur kompaniyalari bilan kimyo va to‘qimachilik sanoati, transport va logistika, shaharsozlik, ta’lim xizmatlari, xususiylashtirish sohalarida $3,8 mlrdlik loyihalarning amalga oshirilishi faol pallaga kirganini qayd etishgandi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Singapur rahbarlari yettita hamkorlik hujjatini imzolagandi.