Prezidentning “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan, jumladan, quyidagilar tasdiqlandi:

  • “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 2023−2024 yillarda amalga oshiriladigan 300 ta ustuvor loyihalar ro‘yxati;
  • 2023-yil yakunigacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonini 570 taga yetkazish doirasida portalda birinchi navbatda joriy etiladigan 95 ta xizmat va servislar ro‘yxati;
  • 2023-yil 1-dekabrdan aholi va tadbirkorlardan talab qilish bekor qilinadigan 47 turdagi ma’lumotlar ro‘yxati;
  • aholi va tadbirkorlarga xizmatlardan foydalanish holati bo‘yicha yuboriladigan eslatma va xabarnomalar ro‘yxati.

2023-yil 1-iyundan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashqi kredit va beg‘araz ko‘mak mablag‘lari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning raqamli komponentlarga yo‘naltiriladigan qismi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan majburiy tarzda kelishiladi.

Qarorga ko‘ra, “Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasi:

  • ️2023-yil 1-sentabrgacha Angren, Ohangaron, Yangiyo‘l, Chirchiq va Nurafshon shaharlarida;
  • 2023-yil yakunigacha Jizzax va Urganch shaharlarida ishga tushiriladi.

2023-yil 1-oktabrdan tadbirkorlarga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

“Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijiy nufuzli ta’lim platformalarida IT-yo‘nalishdagi onlayn o‘quv kurslarda tahsil olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.

2023-yil 1-oktabrdan B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega fuqarolar tomonidan tegishli yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100% qismini qoplash tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi IT-park rezidenti bo‘lgan kompaniyalarga ishga joylashgan nodavlat o‘quv markazlariga har bir bitiruvchi uchun BHMning 75 baravarigacha, nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.


Avvalroq “Spot” IT-sertifikatlar uchun sarflangan mablag‘ning 50%gacha qismini qanday qaytarib olish mumkinligi haqida yozgandi.