Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining o‘ttizinchi yig‘ilishida videoaloqa orqali ishtirok etdi.

O‘zbekiston 2020-yilda kuzatuvchi maqomini olganidan buyon mazkur integratsiyaviy birlashma sammitlarida an’anaviy ravishda ishtirok etadi.

Kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

2022-yilda O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23%ga ko‘paydi. Barqaror o‘sish sur’ati joriy yilda ham kuzatilmoqda.

“Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari hamda boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda”, — dedi prezident.

Davlat rahbari mamlakatlar o‘rtasida savdo aylanmasi hajmini tubdan oshirish uchun savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi.

Texnik to‘siqlarni bartaraf etish va sertifikatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimning qabul qilinishi bunga xizmat qiladi.

Shuningdek, bojxona ma’muriyatchiligi, sanitar, fitosanitar va veterinar nazorat hamda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron platformalari va onlayn tizimlarini integratsiya qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ekspertlar darajasida batafsil maslahatlashuvlar o‘tkazish taklif qilindi.

“Yevroosiyo makonida yangi ish o‘rinlarini yaratish va industrial xablarni shakllantirishning muhim omili sifatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim, deb hisoblaymiz”, — dedi prezident.

Muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish borasida birgalikdagi ishlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlanib, Shimol — Janub xalqaro yo‘laklarini va mintaqani Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi boshqa magistrallarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari tarif siyosati masalalarida yaqindan muvofiqlashuv zarurligini qayd etib, “O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston” temir yo‘li qurilishini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi ishiga qo‘shilishga taklif etdi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida quyidagi takliflar ilgari surildi:

  • qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari importi o‘rnini faol bosishni rag‘batlantirish;
  • “yashil” yo‘laklarning to‘laqonli ishlashini ta’minlash;
  • qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va innovatsiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash;
  • mamlakatlar agrobiznesi vakillari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish.

Shu maqsadda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi vazirlari, oziq-ovqat mahsulotlarining yetakchi ishlab chiqaruvchilari va importchilari ishtirokida “YeOII plyus” formatida agrar forumni o‘tkazish tashabbusini bildirdi.

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim markazlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari qayd etildi.

Muhandislik-texnik ixtisosliklar bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan kadrlarni birgalikda tayyorlash yuzasidan “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish taklif etildi.

Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi yakunlari YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, shakl va mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.


Fevral oyida bosh vazir Abdulla Aripov YeOII davlatlarining elektron davlat xizmatlari tizimlarini integratsiya qilishga chaqirgandi.

Bu aholi va tadbirkorlarning barcha raqamli imkoniyatlardan erkin foydalanishiga xizmat qilishi ta’kidlangan.