P2P o‘tkazmalari bo‘yicha elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish tartibi qo‘llanilmaydi
To‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi qo‘llanilmaydi.
Bu haqda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmonida keltirilgan.
Shuningdek, hujjat bilan, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar bekor qilinadi.
Hududlarda mavjud faol tektonik yer yoriqlarining ko‘rsatkichlari o‘rganiladi
“O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori bilan hududlarda mavjud faol tektonik yer yoriqlarining ko‘rsatkichlarini o‘rganish ishlari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, seysmik xavfsizligi IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish Loyiha-qidiruv tashkilotlari elektron reytingida “S” va undan yuqori toifaga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Seysmik xavfsizligi III-IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha qurilish ishlari Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “SSS” va undan yuqori toifaga (shu jumladan “A” va “B” turdagi barcha toifalarga) ega bo‘lgan qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladi.
“20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishga tushiriladi
1-iyundan boshlab “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi hamda unga 2023−2024 yillarda jami $1 mlrd ajratiladi.
Bu mablag‘lar hisobidan kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi.
Shuningdek, tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Xususan:
- kamida 20% kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi;
- kambag‘al oila a’zosi daromad solig‘idan ozod qilinadi;
- 5 mln so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.
Shuningdek, dasturda qatnashadigan tadbirkorlar soliq va bojxona ma’murchiligida quyidagicha yengilliklar oladi:
- ular faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;
- ularga QQS, ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi;
- QQS bo‘yicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi;
- barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi;
- bojxona to‘lovlarini sug‘urta kafolatisiz olti oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Barcha “UZCARD” va “HUMO” bankomatlarini ulash boshlanadi
“UZCARD” va “HUMO” to‘lov tizimlari bankomatlarini integratsiya qilish bo‘yicha texnik ishlar yakunlandi.
To‘lov tizimlarining ikkala operatori tomonidan test sinovlari muvaffaqiyatli yakunlangandan hamda tranzaksiyalarni amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolar aniqlangandan keyin tijorat banklarining barcha bankomatlarini ulash rejalashtiriladi.
Joriy yilning 1-iyunidan tijorat banklari bilan kelishilgan jadvalga muvofiq barcha bankomatlarni bosqichma-bosqich ulash boshlanadi.
“Paynet” orqali naqd pul yechish xizmati ishga tushiriladi
Joriy yilning 1-iyundan “Paynet” orqali naqd pul yechish xizmati sinov tarzida ishga tushiriladi.
Mazkur xizmatdan aholi “UZPAYNET” kassalari orqali foydalanishlari mumkin bo‘ladi hamda sinov muddati joriy yilning dekabr oyigacha davom etadi.
Avvalroq Toshkentda virtual kassa orqali eksperiment tarzida naqd pul yechish xizmati ishga tushirilishi belgilangandi. Ushbu xizmat “Korzinka"ning “Shedevr” filialida ishga tushirildi.
Hozirda faqat “HUMO” kartalari orqali naqd pul yechib olish mumkin. Bunda komissiya miqdori 1%ni tashkil etadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar tizim orqali berila boshlanadi
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Bu haqda “2023-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarorida keltirilgan.
Shuningdek, 1-iyungacha paxta, g‘alla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtiriladi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” axborot tizimini joriy etish belgilangan.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashqi kredit va beg‘araz ko‘mak mablag‘lari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning raqamli komponentlarga yo‘naltiriladigan qismi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan majburiy tarzda kelishiladi.
Bu prezidentning “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan.
“Yoshlar daftari"dagi yoshlar haq to‘lanadigan amaliyotlarga jalb etiladi
1-iyundan “yoshlar daftari"ga kirgan talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan amaliyot tizimi joriy qilish etiladi.
Bu haqida prezident raisligida o‘tkazilgan yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo‘yicha yig‘ilishda ta’kidlangandi.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ota-onasi va oilasi farzandlari uchun imkoniyatlar oshiriladi
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va OTMda davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi.
Shuningdek, halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga 2 marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.
“Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” tanlovi tashkil etiladi
Joriy yilning 1-iyunidan boshlab har yili “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi o‘tkazib boriladi.
Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi prezident qarorida belgilangan.
“Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori bilan aholi va tadbirkorlarga yengilliklar beriladi.
Xususan, 1-iyundan aholi va tadbirkorlarga kredit ajratish jarayonida qarz oluvchini ID-kartadagi (biometrik pasportdagi) biometrik ma’lumotlar asosida identifikatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi.
“To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.
Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish hisoblanadi.
Guruhlar respublikaning barcha tuman (shahar)larida 2 nafardan (kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan tuman (shahar)larda 3 nafardan) ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida shakllantiriladi.
Guruh a’zolari 1 yil davomida o‘qish va ish jarayoniga salbiy ta’sir etmagan holda umumiy 360 soat vaqt mobaynida faoliyat olib boradi.
Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga va xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga hissa qo‘shgan “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari a’zolariga kvota asosida o‘qishga kirish huquqi beriladi.
Bunda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘ining tavsiyanomasiga asosan huquq-tartibot organlarining OTMga saralashning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng yakka tartibdagi suhbatsiz (test sinovlarisiz) qabul qilinadi.
Tavsiyanoma berilgan nomzodlar soni belgilangan kvotadan ko‘p bo‘lgan taqdirda, ularni o‘qishga qabul qilish tanlov natijalari bo‘yicha to‘plangan ballardan kelib chiqib, ajratilgan qabul kvotalari doirasida ketma-ketlik tartibida taqsimlangan holda amalga oshiriladi.
Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani FHDYOga bormasdan olish joriy etiladi
Bunda bola tug‘ilishi bilan tibbiyot muassasasi u va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni, jumladan, bola ro‘yxatga qo‘yiladigan poliklinika va ichki ishlar bo‘limi, navbatga qo‘yiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti haqidagi ma’lumotlarni maxsus elektron blankaga kiritadi va avtomatik ravishda FHDYO bo‘limiga axborot tizimi orqali yuboradi.
FHDYO bo‘limi tug‘ilganlikni qayd etadi va QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomani tibbiyot muassasasiga yuboradi.
Tibbiyot muassasalari ma’lumotnoma bolaning ota-onasiga taqdim etadi.
Ushbu ma’lumotnoma tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
Tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnoma fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan FHDYO bo‘limlari tomonidan eksterritorial tamoyil asosida rasmiylashtirib beriladi.
Otalik belgilash va yolg‘iz ona arizasiga asosan tug‘ilishni qayd etishda hamda topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilishini qayd etishda bevosita FHDYO bo‘limiga murojaat qilinishi lozim.
“Silk Avia” kompaniyasi yangi yo‘nalishlarga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi
“Silk Avia” kompaniyasi 1-iyundan yangi yo‘nalishlarga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi.
Kelasi oydan Toshkentni Farg‘ona va Nukus bilan bog‘lovchi aviakompaniya Farg‘onadan Urganch, Buxoro va Navoiyga ham parvozlarni amalga oshiradi.
Shu bilan birga, birinchi oyda parvozlar amalga oshirilgan barcha boshqa yo‘nalishlar harakati davom etishi aytilmoqda.
Haftalik parvozlar quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
- Toshkent-Buxoro-Toshkent;
- Toshkent-Samarqand-Toshkent;
- Toshkent-Qarshi-Toshkent;
- Toshkent-Navoiy — Toshkent;
- Toshkent-Namangan-Toshkent;
- Toshkent-Nukus-Toshkent;
- Toshkent-Termiz-Toshkent;
- Toshkent-Urganch-Toshkent;
- Toshkent-Farg‘ona-Toshkent;
- Farg‘ona-Urganch — Farg‘ona;
- Farg‘ona-Buxoro-Farg‘ona;
- Farg‘ona-Navoiy-Farg‘ona;
- Samarqand-Urganch-Samarqand;
- Buxoro-Urganch-Buxoro.
“Silk Avia” taklif qilingan uchta tarif shartlariga kichik o‘zgartirishlar kiritdi. Chipta narxi yo‘lovchining ehtiyojlariga qarab o‘zgaradi.
Toshkentda ayrim avtobuslarning harakati o‘zgaradi
1-iyundan boshlab Toshkent shahridagi ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslar harakati o‘zgaradi.
Xususan, bu yo‘nalishlar qatorida 110-, 103-, 158-, 104- hamda 181- sonli avtobuslar bor.
Yo‘nalishlar bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin