Malayziyaning “Batik Air” kompaniyasi Kuala-Lumpur va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni amalga oshiradi. Bu haqda “The New Straits Times” nashriga tayanib “Dunyo” xabar berdi.
Unga koʻra, loukoster aviatashuvchi qatnovlarni haftasiga uch marta amalga oshirishi rejalashtirilmoqda.
Birinchi parvoz joriy yilning noyabr yoki dekabr oylarida boshlanishini ma’lum qilingan.
Aviakompaniyaning strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Chandran Rama Mutining nashrga bildirishicha, “Batik Air” ayni paytda “Toshkent” xalqaro aeroporti rasmiylari bilan muzokaralar olib bormoqda hamda parvozlarni boshlash uchun ruxsat berilishini kutmoqda.
“Toshkent Qozog‘istonning Olmaota shahri bilan solishtirganda kattaroq bozor. Biz hali Toshkent xalqaro aeroporti bilan muzokaralar olib boryapmiz”, — deya qayd etgan u.
O‘tgan yilning 1-noyabridan “Uzbekistan Airways” Kuala-Lumpurga parvozlarni tiklagandi.
Qatnovlar haftaning seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
Toshkent-Kuala-Lumpur yo‘nalishidagi chiptalar narxi 4,3 mln so‘mdan, Toshkent-Kuala-Lumpur-Toshkent yo‘nalishidagi aviachiptalar narxi esa 7,5 mln so‘mdan boshlanadi.
Aviaqatnovlar jadvali seshanba kunlari:
- Toshkentdan uchib ketish: 23:55 — Kuala-Lumpurga yetib borish: 10:30 chorshanba kuni.
- Kuala-Lumpurdan uchib ketish: 12:00 chorshanba kuni — Toshkentga yetib borish: 17:00.
Juma kunlari:
- Toshkentdan uchib ketish: 23:00 — Kuala-Lumpurga yetib borish: 9:30 shanba kuni.
- Kuala-Lumpurdan uchib ketish: 11:00 — Toshkentga yetib borish: 16:00.
Avvalroq “Spot” “Silk Avia” kompaniyasi 1-iyundan yangi yo‘nalishlarga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.