Tabiat resurslari vazirligi Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) bilan qiymati $6,6 mln miqdoridagi grant loyihasini amalga oshirish boʻyicha bitim imzoladi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda Jizzax viloyatida tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish va poligonlardan chiqayotgan gazlarni ushlab qoluvchi obyektlarni qurish loyihasi doirasida dastlabki istiqbollari muhokama qilindi.

Loyiha doirasida 500 kVt-1 MVt quvvatiga teng chiqindi poligonlaridan chiqayotgan gazlarni yigʻish inshootini qurish, 500 kVt-1 MVt quvvatga ega elektr stansiyasiga ulanishi mumkin boʻlgan chiqindi gaz yigʻish tizimini quriladi.

Shuningdek, kuniga 5−10 tonna tibbiyot chiqindilarni yoqish inshootini oʻrnatish, moddiy texnik bazani mustahkamlash maqsadida maxsus texnikalar va boshqa qurilmalar xarid qilish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyasini qurish, 5 ta yangi poligon qurish hamda yangi qurilgan poligonlarga tibbiyot chiqindilarni yoqish usuli bilan yoʻq qilish uskunasi, kompost qilish uskunasi, konteynerlar va maxsus texnikalar xarid qilish koʻzda tutilgan.

Uchrashuvda kelgusida “KEITI"ning Toshkentdagi ofisini ochish istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur ofis butun Markaziy Osiyo davlatlari uchun mintaqaviy markaz sifatida xizmat qiladi.


Avvalroq “Spot” Janubiy Koreyaning “Sejin G&E Co” kompaniyasi bilan chiqindi gazidan elektr energiyasi olishga doir $55 mlnlik bitim imzolangani haqida yozgandi.

Mazkur bitim maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga qaratilgan.