Xitoyning Xanchjou shahrida “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi”, “Trastbank” va “China Zheshang Bank” Xitoy banki o‘rtasida uch tomonlama o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur memorandum qo‘shimcha bank vositalaridan foydalangan holda birja savdolari bo‘yicha hisob-kitoblarni optimallashtirish orqali O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tashqi savdo hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.
Xususan, O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy-texnika resurslarini ochiq birja savdolari orqali tezkor xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
Shu maqsadda, tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Xitoy yuanida hisob-kitoblarni yo‘lga qo‘yish, CIPS (Chinese International Payment System) transchegaraviy banklararo to‘lovlar tizimiga ulanish va birja savdolarini moliyalashtirishda yaqindan hamkorlik qiladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 41 ta hujjat imzolangani haqida yozgandi.
Xususan, energetika, bojxona, transport, moliya hamda telekommunikatsiya kabi sohalar bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.